Yangi maqsadlar belgilab olindi
Yangi o‘quv yili arafasida Shirin shahrida ta’lim tizimi oldida turgan ustuvor vazifalarni belgilash, o‘tgan davrda erishilgan natijalarni tahlil qilish va pedagoglar faoliyati samaradorligini yanada oshirishga qaratilgan «Ustozlar forumi» o‘tkazildi.
Shirin shahar maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tashabbusi bilan Shirin shahar ixtisoslashtirilgan maktabida tashkil etilgan forumda ta’lim muassasalari rahbarlari, pedagoglar, faol va tajribali ustozlar ishtirok etishdi.

Tadbirda o‘tgan o‘quv yilida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar va mavjud muammolar tahlil qilinib, yangi o‘quv yilida ta’lim sifatini yanada oshirish, o‘quvchilarning bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish, pedagoglarning kasbiy mahoratini yuksaltirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab olindi.

— Mazkur forumni o‘tkazishdan asosiy maqsad — ta’lim sifatini oshirish, pedagoglarning kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish, zamonaviy pedagogik yondashuvlarni ta’lim jarayoniga keng joriy etish, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish hamda ta’lim fidoyilari o‘rtasida samarali tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yishdan iborat. Bugun ta’lim sohasida yuz berayotgan o‘zgarishlar ustozlardan doimiy izlanish, yangilikka intilish va zamonaviy yondashuvlarni o‘zlashtirishni talab etmoqda, — deydi Shirin shahar maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mudiri Jamoliddin Jumanazarov.

Forum davomida ta’lim muassasalari faoliyatining muhim jihatlari muhokama qilinib, yangi o‘quv yili uchun aniq maqsad va vazifalar belgilab olindi. Xususan, ta’lim sifatini oshirish, o‘quvchilarning fanlarni o‘zlashtirish darajasini yuksaltirish, iqtidorli o‘quvchilar bilan ishlash samaradorligini oshirish, zamonaviy axborot texnologiyalari va innovatsion metodlarni dars jarayoniga keng tatbiq etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, pedagoglarning kasbiy rivojlanishi, dars samaradorligini oshirish, ilg‘or va samarali ish usullarini ommalashtirish yuzasidan fikr va takliflar bildirildi. Tajribali ustozlarning amaliy tajribasini yosh pedagoglarga yetkazish, ularning kasbiy salohiyatini rivojlantirish muhim vazifalardan biri sifatida qayd etildi.

Forum doirasidagi ochiq muloqot va fikr almashuvlar pedagoglarga o‘z faoliyatini tahlil qilish, mavjud tajribani baholash, yangi metodik yondashuvlarni o‘rganish hamda kelgusi faoliyat uchun aniq xulosa va rejalar belgilab olish imkonini berdi.

Ta’lim sifatini ta’minlashda ustozning bilimi, kasbiy mahorati va doimiy izlanishi muhim ahamiyatga ega. Shu nuqtai nazardan, «Ustozlar forumi» yangi o‘quv yili oldidan vazifalarni belgilash bilan birga, pedagoglarni yagona maqsad — yosh avlodga sifatli va zamonaviy ta’lim berish, ularning intellektual va ma’naviy salohiyatini yuksaltirish yo‘lida birlashtirgan muhim muloqot maydoni bo‘ldi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri