Yangi korxonaga press-tur tashkil etildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumanida yangidan ish boshlagan “Agro To‘rtko‘l tekstil Sluster” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli moy zavodiga press-tur tashkil etildi.
Tadbirda tumandagi ommaviy axborot vositalari vakillari hamda yoshlar yetakchilari zavoddagi har bir binoning ichida paxtani qayta ishlash uskunalari bilan tanishdi. Bosh muhandis Furqat Yusupov ishtirokchilarga paxtaning qayta ishlab chiqarish jarayoni to‘g‘risida ma’lumot berdi.

Press-tur davomida ishtirokchilar chigitning qobig‘i va mag‘zidan ajralish jarayoni, mag‘izdan bir necha bosqichlar natijasida moy ajralib chiqishi va rafinantlangan, ya’ni 200 darajadan yuqori issiqlikda paxta moyining tozalanib, dog‘lanib, iste’molga yaroqli toza holiga keltirilishi jarayonlari bosqichlari bilan tanishdi.
Kuniga yuz tonna chigit ishlab chiqarishga mo‘ljallangan zavodda ish uch smenada olib borilmoqda. Jami 90 nafarga yaqin ishchi doimiy ish bilan ta’minlangan.

Zavod direktori O‘rinboy Settiyevning ta’kidlashicha, sheluxa va shrot birja orqali egalarini topib kelayotgan bo‘lsa, o‘tgan kundan boshlab paxta moyi ham savdoga qo‘yilgan.
Tadbir davomida ishtirokchilar daladan keltirilgan paxtaning tayyor paxta mahsulotga aylanish jarayonlari bilan yaqindan tanishib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Dovud Abibullayev, O‘zA