Yangi korxona ish boshladi
Jizzax shahrining Qaliya mahallasida yiliga 2,5 million juft paypoq ishlab chiqarish quvvatiga ega fabrika ish boshladi.
Jizzax shahrining Qaliya mahallasida yiliga 2,5 million juft paypoq ishlab chiqarish quvvatiga ega fabrika ish boshladi.Yangi korxona “Jizzax grand tekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 1 million 268 ming dollar miqdoridagi mablag‘ evaziga barpo etildi.
– Prezidentimiz rahnamoligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotganidan foydalanib, ushbu loyihani amalga oshirdik, – deydi korxona rahbari Bekzod Bobojonov. – “Asakabank”ning Jizzax filialidan olingan 868 ming dollar kredit mablag‘i bu borada qo‘l keldi. Xorijdan keltirilgan zamonaviy paypoq to‘qish uskunalari ishlab chiqarish hajmini oshirish va mahsulot sifatini yanada yaxshilash imkonini beradi.
Korxona ish boshlashi bilan 60 yangi ish o‘rni yaratilib, uning asosiy qismini kasb-hunar kollejlarini bitirgan yoshlar band etdi. Kelgusida ishlab chiqarish ko‘lamini kengaytirish hisobidan ish o‘rinlari sonini yanada oshirish rejalashtirilgan.
Ushbu korxona viloyatda keyingi yillarda ishga tushirilgan paypoq fabrikasining uchinchisidir. Viloyatda 2015-yilda umumiy qiymati 515 milliard so‘mlik 444 loyiha amalga oshirildi. Ularning 107 tasi yengil sanoat korxonalari barpo etish, ishlab chiqarishni kengaytirish va modernizatsiya qilish yo‘nalishidagi loyihalardir.