Yangi kitob: “G‘ozg‘on shahri: kecha va bugun”
G‘ozg‘on shahar hokimligi va O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Navoiy viloyati bo‘limi hamkorligida “G‘ozg‘on shahri: kecha va bugun” kitobining taqdimoti o‘tkazildi. Unda tashkilot va muassasalar mas’ullari, keng jamoatchilik va OAV vakillari ishtirok etdi.
– Ushbu kitobda Yangi O‘zbekistonning yangi shahri – G‘ozg‘on tarixi, qadamjolar, mazkur hududda insoniyatning ilk ajdodlari yashaganligi nishonalari – petrogliflar, qadim sug‘d madaniyati belgilari, bugungi kunga qadar saqlanib qolgan osori-atiqalar hamda ayni davrdagi ijtimoiy iqtisodiy hayot, g‘ozg‘onliklar turmush tarzini tubdan yangilash borasida amalga oshirilayotgan jadal islohotlar xususida so‘z boradi, – dedi shahar hokimi Azim Bozorov. – Shuningdek, kitobda g‘ozg‘onlik olimlar, ta’lim fidoyilari, davlat mukofoti sohiblari, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, tadbirkorlar, ko‘plab kasb egalari xususida ma’lumotlar berilgan. Kitob “Zarhal toshlarga bitilgan tarix solnomasi”, “G‘ozg‘on – Yangi O‘zbekistonning yangi shahriga aylanmoqda”, “G‘ozg‘onim – faxrim” kabi qismlarga bo‘lingan. Kitobda shaharning o‘tmishi, kechagi kuni va buguniga oid rasmlar, muhim ma’lumotlarning o‘zbek, rus va ingliz tillarida berilganligi uning ahamiyatini yanada oshirgan.
Tadbir so‘ngida “Yosh kitobxon – 2022” tanlovining 10-14 yosh toifasida faol ishtirok etgan Farangiz Islomova va sportning ushu sanda turi bo‘yicha respublika chempionati sovrindori Maftuna Nabiyeva munosib taqdirlandi, ishtirokchilarga yangi kitob sovg‘a qilindi.
[gallery-6534]
Abduvali Bo‘riyev,
Siroj Aslonov (surat), O‘zA