Yangi jurnalning ilk soni nashrdan chiqdi
O‘zbekiston davlat konservatoriyasi Nukus filiali muassisligida “Musiqa va san’at axborotnomasi” ilmiy-metodik jurnalining ilk soni nashr etildi.
Jurnalning taqdimot marosimida taniqli olimlar, yozuvchi-shoirlar, oliy o‘quv yurtlari mutaxassislari, ommaviy axborot vositalari vakillari hamda talabalar ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda ilm-fan ahli, xususan, yosh olimlar, tadqiqotchilarni qo‘llab-quvvatlash, ularning izlanishi uchun zarur sharoit va imkoniyatlarni yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Yangi jurnalning chop etilishi Orolbo‘yida madaniyat va san’at sohasining ilmiy salohiyatini yanada oshirishga, san’atshunos olimlarning va yosh tadqiqotchilarning ilmiy tadqiqot ishlari hamda fandagi ilg‘or tajribaga asoslangan innovatsion loyihalarni keng jamoatchilikka yetkazishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2021 yilda faoliyatini boshlagan O‘zbekiston davlat konservatoriyasi Nukus filiali qisqa vaqt ichida Orolbo‘yida o‘z o‘rniga ega oliy ta’lim muassasalaridan biriga aylandi. bugungi kunda filialda 100 nafardan ziyod yoshlar musiqa san’atining turli yo‘nalishlarida tahsil olmoqda. Filial jamoasi va qobiliyatli talaba yoshlar respublika, shuningdek, xalqaro ko‘rik-tanlovlarda yuksak natijalarni qo‘lga kiritmoqda.
[gallery-10633]
– “Musiqa va san’at axborotnomasi” ilmiy-metodik jurnali jamoamizning sa’y-harakati mahsulidir, – deydi bosh muharrir, filial direktori R.Allanbayev. –O‘tgan yili asos solingan jurnal O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan ro‘yxatga olindi. Jurnal qoraqalpoq, o‘zbek, rus va ingliz tillarida yiliga ikki marta chop etiladi. Ilk soni “Farma print Nukus” bosmaxonasida 200 nusxada bosildi.
Jurnalda musiqa, madaniyat va san’at sohasining arboblari va mutaxassislarining fikrlari, ijtimoiy-siyosiy yo‘nalishda izlanayotgan tadqiqotchilar, yoshlarning maqolalari, tadqiqotlari chop etilgan.
Dovud ABIBULLAEV, Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA