Yangi ish o‘rinlari va milliy brendlar yaratilmoqda
Xotin-qizlarning iqtisodiy faolligini oshirish, ularning iqtidori va salohiyatini ro‘yobga chiqarish bugungi islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamovaning Buxoro viloyatiga tashrifi davomida ham ana shu masalalarga alohida e’tibor qaratildi. Tashrif doirasida hududdagi yetakchi ishlab chiqarish va to‘qimachilik korxonalari faoliyati, xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash, ularga yaratilgan sharoitlar hamda eksport salohiyati bilan yaqindan tanishildi.
Tashrifning dastlabki manzili milliy liboslar va hunarmandchilik mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Ezaza group” mas’uliyati cheklangan jamiyati bo‘ldi.

Bu yerda asrlar davomida sayqal topib kelayotgan milliy hunarmandchilik an’analari zamonaviy ishlab chiqarish usullari bilan uyg‘unlashgan. Korxona chevarlari tomonidan milliy liboslar, zardo‘zlik to‘nlari, kelin-kuyovlar sarpolari, kashtachilik buyumlari, turli suvenir va bezak mahsulotlari yuksak mahorat bilan tayyorlanmoqda.
Ayollar mehnatini qadrlash, ularni doimiy daromad manbai bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratayotgan korxonada bugungi kunda 30 nafar chevar doimiy mehnat qilmoqda. Shuningdek, yana 25 nafar tikuvchi uy sharoitida kasanachilik asosida korxona bilan hamkorlik qilib, ishlab chiqarish hajmini oshirishga munosib hissa qo‘shmoqda.

Korxona qisqa vaqt ichida katta ishlab chiqarish salohiyatiga ega sub’ektlardan biriga aylandi. Bu yerda bir oyda 400 million so‘mgacha bo‘lgan qiymatdagi mahsulotlar tayyorlanib, buyurtmachilarga yetkazib berilmoqda.
Ayniqsa, korxonaning kunlik ishlab chiqarish quvvati tahsinga sazovor. Bir kunda 400–500 donagacha kelin-kuyovlar uchun mo‘ljallangan zardo‘z choponlar, maxsus logotiplar tushirilgan mahsulotlar, kashtalar, bosh kiyimlar va zardevorlar tayyorlanmoqda.

Eng muhimi, bu yerda yaratilayotgan mahsulotlar nafaqat ichki bozorda, balki xalqaro maydonda ham o‘z o‘rniga ega bo‘lmoqda. Korxona Tojikiston va Qozog‘iston davlatlariga 100 ming AQSH dollariga teng mahsulot eksport qilishga erishdi.
“Ezaza group” brendi ostidagi milliy liboslar Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Rossiya, Ozarbayjon, Xitoy va Tailand kabi davlatlarda o‘tkazilgan nufuzli moda ko‘rgazmalarida namoyish etilib, milliy san’atimiz va hunarmandchiligimizni dunyoga tanitishda muhim o‘rin tutmoqda.
Tashrifning keyingi manzili “Merganteks” paxta-to‘qimachilik klasteri tarkibidagi “Nigora” fabrikasi bo‘ldi.

Umumiy qiymati 35 million AQSH dollarini tashkil etuvchi mazkur yirik loyiha zamonaviy klaster tizimi asosida tashkil etilgan bo‘lib, paxta xomashyosini yetishtirish va qayta ishlashdan tortib, tayyor mato hamda tayyor kiyim mahsulotlarini ishlab chiqarishgacha bo‘lgan to‘liq jarayonni qamrab olgan.
Fabrikada bugungi kunda 840 ta yangi ish o‘rni yaratilgani alohida ahamiyatga ega. Bu esa nafaqat ishlab chiqarish rivoji, balki yuzlab oilalar farovonligi uchun ham muhim omildir.
“Nigora” fabrikasi Xitoy, Germaniya va Belgiyadan keltirilgan, xalqaro standartlarga javob beradigan yuqori texnologik uskunalar bilan jihozlangan.
Korxonada ishlab chiqarilayotgan “Shoyigul” savdo yorlig‘i ostidagi tikuv-trikotaj va tayyor kiyim mahsulotlari jahon bozorida ham munosib o‘rin egallamoqda. Ayniqsa, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari – Italiya, Avstriya, Buyuk Britaniya va Germaniyaga amalga oshirilayotgan eksport hajmining yillik 10 million AQSH dollariga yetayotgani korxonaning xalqaro raqobatbardoshligini ko‘rsatadi.

Buxorodagi mazkur korxonalar faoliyati bir haqiqatni yana bir bor namoyon etmoqda. Xotin-qizlarga yaratilgan imkoniyatlar, ularning mehnati va iqtidori qo‘llab-quvvatlansa, nafaqat oila farovonligi, balki butun hudud iqtisodiy taraqqiyotiga xizmat qiladi.
Buxoroda milliy hunarmandchilik an’analari zamonaviy texnologiyalar bilan uyg‘unlashib, yangi ish o‘rinlari, yangi eksport imkoniyatlari va yangi brendlarni yaratmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri