Yangi farmon: jamg‘arma faoliyati takomillashadi
Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi faoliyatini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
Farmonga binoan Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi (Jamg‘arma) faoliyati yangi bosqichga ko‘tariladi.
Jumladan, paxta yig‘im-terimi uchun tijorat banklari tomonidan ajratilgan kreditlar bo‘yicha foiz stavkasining bir qismini qoplash uchun kompensatsiya to‘lash Jamg‘arma hisobidan amalga oshiriladi.
Bunda milliy valyutada ajratiladigan tijorat kreditlari bo‘yicha foiz stavkasining Markaziy bankning asosiy stavkasidan oshadigan, lekin 10 foiz punktidan ko‘p bo‘lmagan qismi;
xorijiy valyutada ajratiladigan kreditlar bo‘yicha tijorat banklari tomonidan belgilangan foiz stavkasining 30 foizigacha, lekin 3 foiz punktidan ko‘p bo‘lmagan qismini qoplash uchun kompensatsiya kreditning dastlabki 9 oyi uchun to‘lanadi.
2021 yilda sabzavotchilik klasterlari, fermer xo‘jaliklari va boshqa sabzavot yetishtiruvchilarga tijorat banklari tomonidan 9 oy muddatga yillik foiz stavkasi Markaziy bankning asosiy stavkasida (shundan, bank marjasi 2 foiz) yetishtiriladigan sabzavot qiymatining 40 foizigacha miqdorda kredit ajratiladi.
2022 yil hosilidan boshlab asosiy maydonlarda sabzavot yetishtirish uchun ajratiladigan tijorat kreditlari bo‘yicha foiz stavkasining Markaziy bankning asosiy stavkasidan oshadigan qismi uchun kompensatsiya to‘lash tizimi joriy etiladi.
Farmon bilan Jamg‘armaning boshqa asosiy vazifalari belgilandi.
O‘zA