Yana G‘ilon va g‘ilonliklar haqida (+video)
Sayohat manzillari
Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumanidagi tog‘ bag‘rida joylashgan, so‘lim tabiatli G‘ilon qishlog‘i ayni dam qor ko‘rpasini yopingan. Boisi bu hududlarga qish ertaroq tushadi. Aholi esa yoz bo‘yi qilingan mehnati mevalarini, ya’ni bog‘dorchilik va dehqonchilik mahsulotlarini yig‘ishtirib, omborlarga joylagan. Tog‘dan pastga enib, dam olish kunlarini maroqli o‘tkazmoqda.
Ammo g‘ilonliklar qish faslida ham bekor turishni o‘ziga ep ko‘rmaydi. Erkaklar ota-bobolaridan meros qolgan hunarmandchilik, ayollar to‘quvchilik bilan mashg‘ul.
Masalan, shu qishloqlik 64 yoshli Rahmonqul Rasulov temirchilik qiladi.
Purviqor tog‘lar orasidan quyosh ko‘tarila boshlagan payt uning ustaxonasidan taralayotgan bolg‘a va olovda toblangan temir parchasining sadolari butun borliqqa yangraydi. Ting-ting-ting...
Qishloqqa kirib borar ekanmiz, ayni shu sado bizni temirchining ustaxonasiga yetakladi.
Temirchi erta tongdan ish bilan mashg‘ul. Uni biroz suhbatga chorladik.
– 40 yildan buyon shu hunar bilan mashg‘ulman. Bu kasb ota-bobolardan meros. Men ushbu hunar bilan shug‘ullanayotgan 4-avlodman, – deydi pishonasidagi terni arta-arta Rahmonqul Rasulov. – Asosan qish faslida ishlayman. Boisi qishda dehqon va bog‘bonlar qishloq xo‘jaligida ishlatiladigan ketmon, bel, tesha, uroq, omoch tishi kabi uskunalarni buyurtma qilishadi. Dehqonchilik qilinadigan yerlarimiz toshloq joylar bo‘lgani uchun uskunalar tez yemiriladi. Shuning uchun har mavsumda qaytadan yasatishadi. Bo‘sh paytimda pichoqlar yasayman.
– Bugun ko‘pchilik yoshlar temirchilik kabi hunarlarga qiziqish bildirmaydi. Mana siz 40 yildirki, shug‘ullanarkansiz, buning daromadi qanday, –so‘raymiz undan.
– Bilasizmi, temirchilik mening sevgan kasbim, – deydi R.Rasulov. – Daromadi ham yomon emas, lekin kimdir ham bu hunarni davom ettirishi kerak-ku. To‘g‘ri, hozirgi yoshlar ko‘pam qiziqmaydi, ammo erta tongda kelib, bosqonga ko‘mirni yoqib, temir parchasini bolg‘alamasam, ko‘nglim taskin topmaydi.
[gallery-15316]
Bu qishloqqa har gal kelganimizda yangi-yangi taassurotlar bilan qaytamiz. Bunyodkorlik shabadasi yetib kelib, qishloq ko‘chalari asfalt qilinibdi. Tekis va ravon.
G‘ilonliklarning yana bir yaxshi odati bor. Ular bilan qishloq ko‘chalarida yuzma-yuz kelib qolsangiz, yoshu qarisi tanisa- tanimasa siz bilan albatta salomlashadi, quyuq ko‘rishadi.
Keyingi manzilimiz shu qishloqlik usta hunarmand Nasrullo Jumayevning xonadoni bo‘ldi. U kishi asli kasbi aloqachi bo‘lgan. Hozir nafaqada. Yoshligidan yog‘ochdan har xil suvenerlar yasashga qiziqadi va bu yillar davomida uning eng yaxshi ko‘rgan hunariga aylangan. U yasagan antiqa yog‘och buyumlarda ajib hikmat bor. Buyumlarning har biri qadim urf-odatlardan, boy tariximizdan darak berib turadi.
– 35 yildan beri shug‘ullanaman bu hunar bilan, – deydi Nasrullo Jumayev. – Ko‘plab tarixiy kitoblarni o‘qiyman va foto-suratlarni tomosha qilaman va o‘sha yerda ko‘rganlarim va tasavvur qilganlarimni yog‘ochdan yasashga intilaman. Asosan ko‘p g‘oyalarni tabiatdan olaman. Tabiatning o‘zi ham buyuk hunarmand. Men esa unga ozgina o‘zgarishlar kiritaman. Temuriylar va mo‘g‘ullar davriga xos ko‘zalar, qilich, kamon, tovoq, hassa va boshqa buyumlarni yog‘ochdan suvener qilib yasayman. Ochig‘i, keyingi paytlarda qishlog‘imizga chet ellik mehmonlar ham tez-tez kelishmoqda. Yasagan suvenerlarim ularda katta taassurot qoldirmoqda va esdalik uchun olib ketishmoqda. Albatta, bu meni juda mamnun qiladi va yangi g‘oyalar sari yetaklaydi.
Darhaqiqat, G‘ilon qishlog‘ining tabiati ham, odamlari ham ajoyib. Bu qadim hunarmandchilik tarmoqlarining bu kunga qadar G‘ilonda saqlanib qolishi bejiz emas, albatta. Chunki qishloq tarixi ma’lumotlarga ko‘ra, ikki ming yildan oshiq. Bundan ikki ming yil oldin bu yerlarni odamlar o‘ziga makon tutgan. Bu haqda mahalla raisi o‘zi bilgan ma’lumotlarni ulashdi.
– Qishlog‘imiz chetidan o‘tgan asrning 80-yillarida yo‘l qurilayotgan mahalda bir xum topildi va uning ichida odam suyaklari bor edi, – deydi G‘ilon mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Safarmurod Jabborov. – Uni tekshirish uchun Moskvaga arxeologiya bo‘limiga jo‘natdik. Bir necha oylardan keyin xat keldi. Xatda xum va ichidagi suyaklar 2300-2400 yil avvalgi davrga borib taqalishi haqida yozilgan edi. Olimlarning aytishicha, bu zardo‘shtiylik davriga to‘g‘ri keladi. Shundan bilamizki, qishlog‘imiz qadimiy. Yana bir ma’lumot, miloddan avvalgi asrlarda o‘lkamizga Aleksandr Makedonskiy boshchiligida yunonlar bostirib kelgan va uning hujumidan qochgan hozirgi Samarqand atrofidagi sug‘diylarga mansub xalq mana shu tog‘larda yashirinib jon saqlagan va keyinchalik shu yerda yashab qolgan, degan qarashlar ham bor. Aslida “g‘ilon” so‘zi arabchadan olingan bo‘lib “yashil toshli makon” degan ma’noni anglatadi.
5 ming 200 nafardan ziyod aholi yashaydigan ushbu qadimiy qishloqni aylanib charchamaysiz. Aholi ko‘payishi hisobiga qishloq yangi va eski G‘ilonga bo‘lingan. Qishloqni kengroq, to‘kisroq ko‘rish uchun kunchiqar tomondagi baland tepalikka chiqish kerak. Ahd qilib biz ham tepalik yo‘liga tirmashdik. Yo‘lni qor bosgani sabab piyoda chiqishga to‘g‘ri keldi. Nihoyat mashaqqat bilan bo‘lsa-da, tepalikka chiqib bordik va qishloq manzarasini yuqoridan ko‘rishga muvaffaq bo‘ldik. Juda ajoyib va go‘zal manzara ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘ldi. Boy taassurotlar bilan ortimizga qaytdik.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/OLFzoqlPFK8" title="Sayohat manzillari" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat + video), O‘zA muxbirlari