Yana bir futbolchi Jahon chempionati uchrashuvi uchun Kanadaga kiritilmadi
Bundan ikki hafta oldin Vahi Fransiyada hibsga olingan edi.
Kot-d'Ivuar terma jamoasi hujumchisi Elye Vahi guruh bosqichi 2-turidan oʻrin olgan Germaniyaga qarshi oʻyinni oʻtkazib yuboradi. GFFN nashri xabariga koʻra, 23 yoshli forvardga uchrashuv boʻlib oʻtadigan Kanada hududiga kirishga ruxsat berilmagan.
Bundan ikki hafta oldin Vahi Fransiyada hibsga olingan edi. Tergov organlari mamlakat chempionati doirasidagi "Nitssa" va "Mets" jamoalari oʻrtasidagi uchrashuvni oʻrganmoqda. Ushbu oʻyinda futbolchi sariq kartochka olgan boʻlib, mazkur bahsga shubhali ravishda juda koʻp miqdorda pul tikishlar (stavkalar) qilingani qayd etilgan.
Surishtiruv ishlariga qaramay, hozircha futbolchiga rasmiy ayblov eʼlon qilinmagan. Korrupsiyaga qarshi kurash boʻlimidagi soʻroqdan soʻng, unga jahon birinchiligiga borishga ruxsat berilgandi. Hujumchi turnirning AQShda boʻlib oʻtgan 1-tur oʻyinida ham ishtirok etishga ulgurgandi.