Yamanda har 10 daqiqada bola nobud bo‘lmoqda
Yamanda har 10 daqiqada bola nobud bo‘lmoqda, deb bayonot berdi BMTning Bolalar fondi (YUNISEF) ijrochi direktori Genriyetta For.
Uning aytishicha, bu yil 1,6 million bola zo‘rovonliklar tufayli yashab turgan joylarini tark etishga majbur bo‘lgan.
"bugungi kunda Yamanda qariyb 21 million kishi, jumladan 11,3 million bola gumanitar yordamga muhtoj. 2,3 million bola to‘yib ovqat yemaydi va 5 yoshgacha bo‘lgan 400 ming bola ochlikdan azob chekmoqda, ularga o‘lim xavf solmoqda", - dedi For BMT xavfsizlik kengashi majlisida so‘zga chiqib. Uning ta’kidlashicha, 10 milliondan ziyod bola va taxminan 5 million ayol tibbiy xizmatdan bebahra qolmoqda.
"Yamanda har 10 daqiqada bola o‘lmoqda, xolbuki, o‘limga olib keluvchi sabablarni bartaraf qilsa bo‘ladi", - dedi u.
Yamanda 2014 yildan buyon harbiy harakatlar to‘xtamayapti. Urush xalqaro hamjamiyat tan olgan hukumat bilan Yaman shimolida hukumatni egallab olgan "Ansar Alla" harakati isyonchilari o‘rtasida kechmoqda.