Yakkasaroy tumanida jinoyatchilikning oldini olish masalalari muhokama qilindi
Ma’naviyati yuksak jamiyatda salbiy illatlar ham kam bo‘ladi. Shu maqsadda mamlakatimizda kitobxonlik, rahbar va yoshlar munosabati yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Shuningdek, mas’ullarning mahallabay tizimi asosida olib borayotgan faoliyati salbiy illatlar yoki jinoyatchilikning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ana shunday islohotlarning amaliy davomi o‘laroq, Yakkasaroy tumanidagi Armug‘on va Boshliq mahallasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sud raisining birinchi o‘rinbosari Alisher Usmonov boshchiligida tahliliy yig‘ilish o‘tkazildi.

Unda hududda jinoyatchilikning oldini olish, mavjud muammolarni bartaraf etish va profilaktika ishlarini yanada kuchaytirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Yig‘ilishda Yakkasaroy tumani hokimi Nilufar Allabergenova, O‘zbekiston Respublikasi Kriminologiya tadqiqot instituti mas’ullari, tuman IIO FMB boshlig‘i Alisher Murodov, hokim o‘rinbosarlari hamda "mahalla yettiligi" a’zolari ishtirok etdi.

Tahlillar davomida Armug‘on va Boshliq mahallalarida profilaktika tadbirlarini kuchaytirish, aholining huquqiy ongi va madaniyatini oshirish, yoshlar bilan tizimli ishlash hamda hamkor tashkilotlar faoliyatini yanada muvofiqlashtirish zarurligi ta’kidlandi.

Yig‘ilish yakunida mas’ul tashkilotlar rahbarlariga hududda jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Bu kabi amaliy choralar tizimning izchilligini ta’minlash bilan birga aholi xavfsizligi va farovonligini barqarorlashtirishga xizmat qiladi.
Sherbek Islomov
O‘zA