Yagona xaloskor – oʻzingiz!
“YouTube”, “Facebook”, “Instagram”, “Telegram”, “Twitter”... Bugun shu kabi ijtimoiy tarmoqlarni barcha yaxshi biladi, hech qursa, ularning bittasidan foydalanadi.
“YouTube”, “Facebook”, “Instagram”, “Telegram”, “Twitter”... Bugun shu kabi ijtimoiy tarmoqlarni barcha yaxshi biladi, hech qursa, ularning bittasidan foydalanadi.
Bu borada, ayniqsa, yoshlar ilgʻor. Bunga mutlaqo shubha yoʻq va muammo ham aynan shunda. Nega? Sabab oʻsha-oʻsha: ijtimoiy tarmoqlardagi axborotlar har doim ham xolis va haqqoniy emas. Tabiiyki, ular ruhiyatga, maʼnaviyatga tahdid qilmasligi ham umuman kafolatsiz. Bu esa jiddiy xavf, dolzarb muammo.
“Ijtimoiy tarmoqlardagi negativ axborotning yoshlar maʼnaviyatiga taʼsiri” mavzusida oʻtkazilgan davra suhbatida mulohazalar, muhokamalar mazmun-mohiyati shunga qaratildi.
Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi qoshidagi Yosh jurnalistlar kengashi tomonidan tashkil etilgan mazkur tadbir “Toʻrtinchi hokimiyat”ning boʻlajak vakillari uchun ham saboq, ham mahorat darsi boʻldi. Chunki mavzu yuzasidan mushohadalar, kasbiy va hayotiy tajribalardan misollar ustoz jurnalistlar, jurnalistika sohasida taʼlim berayotgan professor-oʻqituvchilar tomonidan bildirildi.
– Oʻzbekistonda 11 milliondan ortiq aholi internetdan foydalanadi. Ularning aksariyati yoshlar ekani yaxshi maʼlum, – dedi “Yoshlar ovozi” va “Molodyoj Uzbekistana” gazetalari bosh muharriri, Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi qoshidagi Yosh jurnalistlar kengashi raisi Faxriddin Karimov. – Buning ijobiy tomonlarini eʼtirof etish bilan birga, salbiy jihatlarini ham qayd etmay iloj yoʻq. Chunki ommaviy kommunikatsiya vositalari orqali ong va tafakkurni egallashga qaratilgan tahdidlar mavjud ekan, jiddiy xavotirga doim asos bor. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda salbiy mazmundagi axborotlar oqimi ortib borayotgani bu tashvishni yanada kuchaytirmoqda. Sababi, har bir yigit-qiz axborotni analiz va sintez qilish koʻnikmasiga ega emas. Yolgʻon va noxolis axborot ularni toʻgʻri yoʻldan osongina adashtirishi ehtimolga yaqin.
– Axborot bu – ijod mahsuli, – dedi Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist Jabbor Razzoqov. – Uni tarqatish – masʼuliyat. Texnologiyalarning jadal rivoji axborotni bir nuqtadan ikkinchi nuqtaga juda tez va oson yetkazish imkonini berayapti. Masalan, hozir muayyan voqelik video yoki surat holida internetda tarqatib yuborilyapti. Bunday holatda oʻsha voqelik haqida aniq tasavvur, toʻgʻri fikr, adolatli munosabat shakllantirish qiyin. Ijod qilmasdan jamoatchilikka yetkazilgan axborot xolisona boʻlmaydi. Negaki, ijod jarayonida odam oʻylaydi, fikrlaydi. Shunda jarayonning asl holati, mohiyati bilan taqdim eta oladi. Bugun jurnalistikamizda janrlar kamayib ketdi, axborotlar bir xil qolipda yoritilayapti. Shuning uchun xilma-xillik, aniqlik va tezkorlik bilan axborot uzatish, yaʼni uning ishonchliligini taʼminlash axborot tahdidlarining oldini olishda katta ahamiyatga ega.
– Soʻz aytishning masʼuliyati bor, – dedi Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist, “Oʻzbekiston ovozi” gazetasi bosh muharriri Safar Ostonov. – Nima uchun ijtimoiy tarmoqlarda asossiz xabarlar, mish-mishlar yoyilib ketayapti? Nega aholi, asosan yoshlar qatlami ularga ishonib qolyapti? Bunda davlat organlari, idora va tashkilotlardagi axborot xizmatlarining ham aybi bor. Chunki qaysi joyda, nimadir sodir boʻlsa, bu jarayon uning guvohlari, kuzatuvchilari orqali internetda tarqalib ketmoqda. Aslida bunday vaziyatda dastlabki axborotni aynan axborot xizmati berishi kerak. Ular kechayu kunduz faol ishlashi kerak.
Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti prorektori Nozima Muratovaning fikricha, tahririyatlar yoshlarga maʼlumot uzatishda ularning axborotga nisbatan media odatlari, yaʼni axborot olish va qabul qilish holatini hisobga olgan holda faoliyat olib borishi juda qiyin kechayapti. Nafaqat Oʻzbekistonda, balki butun dunyoda shunday. Nega?
– Chunki bugungi yangi avlodning axborot olish, qabul qilish va uzatishga munosabati tubdan oʻzgargan, – dedi N.Muratova. – Anʼanaviy ommaviy axborot vositalari, xususan, gazeta va jurnallar ana shu tendensiyani qaysidir maʼnoda toʻliq ilgʻay olmayapti, nazarimda. Shu sabab xohlaymizmi yoki yoʻq, axborotlar auditoriyaga internet orqali tezkor yetib borayapti. Xususan, ijtimoiy tarmoqlar bugun axborot oqimiga toʻla. Afsuski, ular orasidagi tahlilsiz axborotlar yoshlarga toʻgʻridan-toʻgʻri yetib borayapti. Natijada yosh avlod vakillari ularni isteʼmolchi sifatida qabul qilibgina qolmay, oʻzi bilib-bilmay, uning tarqatilishi, kengayishiga ham sababchi boʻlib qolmoqda. Bunga qanday qilib toʻsiq qoʻyish mumkin? Avvalo, negativ va xolis axborotni bir-biridan ajratib olish uchun yoshlarda tanqidiy fikrlash koʻnikmalarini shakllantirish kerak. Bu har bir voqelikni tanqid ostiga olish emas, barcha maʼlumotni tahlil qilgan holda qabul qilish va uzatish degani. Bu borada yana bir muhim vazifa – media taʼlimni rivojlantirish. Biz bu masalada ancha kech qolyapmiz, ammo baribir amalga oshirishimiz zarur. Negaki, OAV bugun dunyo manzarasini koʻrsatayotgan yagona vosita emas. Kimki axborotga ega boʻlsa, uni tarqatish imkoniga ham ega boʻlyapti. Bunday vaziyatda media madaniyat, media savodxonlik nihoyatda muhim.
Ha, har qanday axborotning kuchi bor, qudrati bor. Ayniqsa, salbiy maʼlumot eʼtiborni tez jalb etadi, ruhiyatga oson taʼsir oʻtkazadi. Pirovardida u aqlni emas, hissiyotlarni boshqaradi. Shuning uchun ham bugun yon-atrofimizda, koʻz oʻngimizda aksariyat yoshlar maʼnan yoʻqotilmoqda, boy berilmoqda. Axborot tahdidiga yengilgan odamni quruq soʻz, pandu nasihat bilan qutqarib qolish mushkul, toki u yagona xaloskor faqat uning oʻzi ekanini anglab yetmaguncha.