Yadroviy xavfsizlik qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik kuchaytiriladi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda bir qator qonun loyihalari hamda parlament nazoratiga doir masalalar muhokama qilindi.
Jumladan, yig‘ilishda “Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi sohalarida qonunchilikni takomillashtirish munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligini ta’minlash sohalarida davlat nazoratini yanada takomillashtirish, qonunchilik talablariga rioya etilishini ta’minlash bugungi kunning muhim vazifalaridan biridir. Sanoat tarmoqlarini modernizatsiya qilish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish bilan bir qatorda davlat boshqaruvi va nazorati tizimini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish hamda huquqbuzarliklarning oldini olish choralarini kuchaytirish zarurati mazkur sohadagi qonunchilikni takomillashtirishni taqozo etmoqda.
Shu maqsadda ishlab chiqilgan mazkur qonun loyihasi bilan ayrim qonun hujjatlariga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Unga ko‘ra, Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi hamda Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasining vakolatlari aniqlashtirilmoqda. Shuningdek, mazkur davlat organlari tomonidan beriladigan litsenziya va ruxsatnomalar turlari belgilanmoqda.
Atom energiyasidan foydalanish, radiatsiya va yadro xavfsizligi bilan bog‘liq qoidalarni buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik choralarini kuchaytirish, yuridik shaxslarga nisbatan moliyaviy sanksiyalar qo‘llash tartibini belgilash ham ko‘zda tutilmoqda.
Loyihada nazarda tutilayotgan normalar sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi sohalarida vakolatli organlar faoliyatining huquqiy asoslarini yanada aniqlashtirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, qoida va talablarni buzganlik uchun ta’sir choralarini qo‘llashda mutanosiblik va yetarlilik tamoyillarini ta’minlash, davlat nazorati samaradorligini oshirish hamda sohada amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy jihatdan mustahkamlashga zamin yaratadi.
M.Komilova, O‘zA