Yadro qurolidan holi dunyo sari
Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan har yili 29-avgust kuni Qozogʻiston tashabbusi bilan qabul qilingan rezolyutsiya asosida Yadro qurollari sinoviga qarshi harakatlar xalqaro kuni nishonlanadi.
29-avgust – Yadro sinovlariga qarshi harakatlar xalqaro kuni
Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan har yili 29-avgust kuni Qozogʻiston tashabbusi bilan qabul qilingan rezolyutsiya asosida Yadro qurollari sinoviga qarshi harakatlar xalqaro kuni nishonlanadi. Bu yil Qozogʻistonning Semipalatinsk poligonida atom bombasining birinchi sinovi oʻtkazilganiga 71 yil toʻldi.
Ana shu sana munosabati bilan Qozogʻistonning Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Darxan Satibaldi bilan suhbatlashdik.
– Janob elchi, avvalo, insoniyatni yadro qurollaridan xalos etish, dunyoni tinch makonga aylantirish, oliy xilqatni ommaviy qirgʻindan asrab qolishga qaratilgan rezolyutsiyaning qabul qilinishi tarixiga toʻxtalsak.
– 2009-yil 18-iyunda Semipalatinsk yadro poligonida sinovlar toʻxtatilganining 20 yilligiga bagʻishlangan tantanalarda, shuningdek, oʻsha yil 1-iyulda jahon va anʼanaviy dinlar yetakchilarining III qurultoyi ochilishi chogʻida Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev 29-avgustni yadro qurollaridan voz kechish kuni, deb eʼlon qilish tashabbusi bilan chiqdi.
Atom quroli tarqalishiga qarshi kurash – oʻzida yadro sinovlari oqibatini boshdan oʻtkazgan va qirgʻin keltiruvchi yadroviy salohiyatdan ixtiyoriy voz kechgan Qozogʻiston uchun ustuvor yoʻnalishdir. Mamlakatimiz Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligida birinchilardan boʻlib yadro qurolini tarqatmaslik va Yadro qurolini umumqamrovli taqiqlash toʻgʻrisidagi shartnomaga qoʻshildi. Qozogʻiston, shuningdek, yadro sinovlariga qarshi harakatlar xalqaro kunini bunday tajribalar oqibati haqida axborot tarqatishga koʻmaklashish maqsadida nishonlash taklifi bilan chiqdi. 29-avgust – bu nafaqat Semipalatinsk poligonida birinchi sinov oʻtkazilgan, balki 1991-yilda aynan Prezident Nazarboyev tomonidan poligon yopilgani toʻgʻrisidagi buyruqqa imzo chekilgan kun ham. Bu esa yadroviy qurollarni tarqatmaslik rejimini mustahkamlashga muhim ulush boʻlib qoʻshildi.
Uzoq davom etgan muloqot va muzokaralardan keyin BMT Bosh Assambleyasining birinchi qoʻmitasiga “Yadroviy sinovlarga qarshi harakatlar xalqaro kuni” rezolyutsiyasi loyihasi koʻrib chiqish uchun kiritildi. 26 davlat rezolyutsiyaga hammualliflik qildi.
2009-yil 2-dekabrda BMT Bosh Assambleyasining 29-avgustni Yadro sinovlariga qarshi harakatlar xalqaro kuni deb eʼlon qilish toʻgʻrisidagi rezolyutsiyasi qabul qilindi. Ushbu hujjatga koʻra, har yili yadro sinovlarining dahshatli oqibatlarini dunyo ahliga eslatish, kelajakda ularning qayta boshlanishiga yoʻl qoʻymaslikka qaratilgan tadbirlar oʻtkaziladi. Semipalatinsk poligonining rasmiy yopilish kuni sifatida xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olingan bu muhim sana nafaqat Qozogʻiston, balki butun dunyo uchun tarixiy ahamiyatga ega.
Rezolyutsiyada BMTga aʼzo barcha davlatlar, fuqarolik jamiyati, ilmiy doiralar, OAV va alohida shaxslar Yadro sinovlariga qarshi harakatlar xalqaro kunini munosib tarzda, jumladan, axborot-targʻibot ishlarining barcha unsurlaridan foydalangan holda nishonlashga chaqiriladi.
Yadro sinovlariga qarshi harakatlar xalqaro kuni birinchi marta 2010-yili nishonlangan. Shundan buyon har yili bu kun butun dunyoda turli tadbirlar, jumladan, simpozium, konferensiya, koʻrgazma, tanlovlar oʻtkazish, maqolalar chop etish, akademik institutlarda maʼruzalar oʻqish, axborot mazmunidagi koʻrsatuvlar tayyorlash bilan nishonlanadi. Birlashgan Millatlar Tashkilotida ham har yili shu kunga bagʻishlangan tadbirlar oʻtkaziladi.
– Qozogʻistonning yadro sinovlarini taqiqlash daʼvati bilan chiqishi bejiz emas. Semipalatinskda oʻtkazilgan sinovlar xalq boshiga ulkan kulfat keltirdi. Mahalliy va atrofdagi hududlarda ekologiya buzildi, ogʻir xastaliklar miqdori oshdi. Shunday emasmi?
– Darhaqiqat, yadro sinovlari tarixi – azob-uqubat tarixi. Negaki, dunyo miqyosida hozirgacha 2000 dan ortiq yadro sinovi oʻtkazilgan boʻlsa, aksariyat hollarda, asosan, yordamga muhtoj hududlar aholisi jabr koʻrdi. Ushbu sinovlar bir davlat chegarasi bilan cheklanmay, atrof-muhit, odamlar salomatligi, oziq-ovqat xavfsizligi va iqtisodiy rivojlanishga taʼsir koʻrsatadigan fojiaviy oqibatlarga olib keladi. Masalan, tadqiqotchilar tomonidan Qozogʻistonda 40 yil davomida sinalgan atom qurollari yarim milliondan ziyod insonning irsiyatini buzgani aytilmoqda. Yadro sinovlaridan poligon atrofida yashagan bir yarim millondan ziyod qozogʻistonlik aziyat chekdi. Qozoq choʻlining Semipalatinsk va Qaragʻanda viloyatlari tutashgan Belgiya hududicha ulkan maydonida ham yer usti, ham yer osti atom sinovlari oʻtkazilgan. 1960-yillar boshigacha yuzdan ziyod atom quroli ochiq havoda sinalgan. Baʼzan shamol zaharli radiatsiyani atrofdagi qishloqlar ustiga yogʻdirgan. Olimlar fikricha, keyinroq yer ostida portlatilgan bombalar ham yer osti suvi va ekologiyani buzgan.
Poligon hozir yopiq, ammo ochiq sinovlarni koʻrgan guvohlarning 4-avlodida ham radiatsiyaga aloqador bedavo kasalliklar uchramoqda.
1949-1989-yillar oraligʻida Qozogʻistonning Semipalatinsk hududida 480 ga yaqin yadro sinovi tajribadan oʻtkazilgani natijasida nafaqat mintaqadagi insonlar hayoti xavf ostiga qoʻyilgan, balki ekologik vaziyat ham taranglashgan. “Qizil kitob”ga kiritilgan bir qator hayvonlar yoʻq boʻlib ketish xavfi ostida. Semipalatinskda 1948-yilda ishga tushirilgan poligon maydoni jihatidan Yer yuzida ikkinchi oʻrinda turgan va dunyoda toʻrtinchi yirik yadroviy arsenal hisoblangan. Aynan shu yerda Sovet ittifoqining ilk atom quroli sinovdan oʻtkazilgan.
– Hozir Semipalatinskdagi infratuzilma va ekologik ahvol qanday?
– Turli yillarda Moskva-400, Semipalatinsk-21, Konechnaya, Kurchatov nomlari bilan atalgan Irtish daryosi boʻyidagi maxfiylashtirilgan shaharda bir vaqtlar yadro bombasi sinovini oʻtkazgan sovet olimlari va harbiylar hamda ularning oila aʼzolari yashagan. Nazorat oʻtish punktlari bilan oʻralgan hududga kirish oson boʻlmagan. 50 ming atrofida aholi yashagan shaharga eng sara oziq-ovqat mahsulotlari va tovarlar keltirilgan, ishlash uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Umumiy maydoni 18,5 ming kvadrat kilometr boʻlgan hududda sovetlar davrida ogʻir yuklarni keltirish uchun endilikda yaroqsiz holatga kelib qolgan beton yoʻl yotqizilgan.
Hozir “sinov maydoni” yarim quruq maysa bilan oʻralgan dashtni eslatadi. Garchi, qozogʻistonlik olimlar 30 yildan beri hududni zararsizlantirishga urinayotgan boʻlsalar-da, bu yerda hamon radiatsiya darajasi yuqori, hatto qoʻshni viloyatlarda ham bolalar irsiy nuqson bilan tugʻilmoqda. Mahalliy tibbiyot universitetida nogiron tugʻilgan bolalarning dahshatli kolleksiyasi yigʻilgan. Semey tibbiyot universiteti shifokorlari tadqiqotiga koʻra, mazkur hududda onkologik kasalliklar, qon buzilishi, yurak-qon tomiri xastaliklari Qozogʻistonning boshqa mintaqalariga nisbatan 10-15 foiz koʻp uchraydi. Bundan tashqari, bolaning muddatidan oldin tushishi 50 foizga oshgan. Xullas, Qozogʻiston xalqi ayni fojiadan katta jabr koʻrdi va hozir ham yadro portlashi oqibatini oʻz tanasida his qilmoqda. Shuning uchun ham Qozogʻiston dunyoda yadro qurollari sinovini taqiqlash va yadrosiz dunyoni barpo etish uchun kurashmoqda.
– Semipalatinskdagi ekologik ahvolni yaxshilash uchun qanday choralar koʻrilgan?
– Poligon yopilgan paytda Qozogʻiston oldida yerning holatini qanday tiklash va poligon hududida qolgan harbiy-sanoat majmuasini nima qilish kerak, degan savol koʻndalang boʻldi. Bu va boshqa muammolarni hal etish maqsadida Kurchatovda Milliy yadroviy markaz tashkil etildi. Markaz xodimlari tadqiqot oʻtkazib, yer kultivatsiyasini amalga oshirmoqda. Shu maqsadda yer yuzasi shunday haydaladiki, tuproqning zararlangan qismi pastda qoladi, tozasi yuzaga chiqadi.
– Qozogʻiston yadroviy sinovlardan qattiq aziyat chekkani sababli bu borada qator xalqaro tashabbuslarni koʻtardi va koʻtarmoqda. Oʻtgan yillar ichida rasmiy Nur-Sulton xalqaro miqyosda yana qanday tashabbuslarni ilgari surdi va xalqaro tadbirlarga bosh-qosh boʻldi?
– 2010-yil 26-avgustda Ostona (hozirgi Nur-Sulton)da Yadro qurollarini umumqamrovli taqiqlash toʻgʻrisidagi shartnomaga tayyorgarlik koʻruvchi komissiya ijrochi kotibi T.Tota, MAGATE rahbariyati va boshqa xalqaro tashkilotlar ishtirokida ushbu xalqaro kunga bagʻishlangan konferensiya boʻlib oʻtdi. Yakunda konferensiya qatnashchilari tomonidan Murojaat qabul qilindi. Anjumanda mamlakatning yadro quroliga egalik qilishdan ixtiyor voz kechgan va jahondagi eng yirik yadroviy sinov poligonlaridan birini yopish borasida tarixiy qaror qabul qilgan Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyevning yadroviy qurolsizlanish va yadro qurollarini tarqatmaslik global jarayoniga qoʻshgan ulkan hissasi qayd etildi. Murojaatda, shuningdek, Yadro qurollarini umumqamrovli taqiqlash toʻgʻrisidagi shartnomani tezroq kuchga kiritish chaqirigʻi oʻrin oldi.
2011-yil 12-13-oktyabr kunlari Ostona va Semey shahrida Qozogʻiston mustaqilligining 20 yilligi va Semipalatinsk yadroviy sinov poligoni yopilganining 20 yilligiga bagʻishlangan “Yadrosiz dunyo uchun” xalqaro forumi oʻtkazildi.
Forum ishida MAGATE Bosh direktori Yu.Amano, Yadro qurollarini umumqamrovli taqiqlash toʻgʻrisidagi shartnoma tashkiloti tayyorlovchi komissiyasi ijrochi kotibi T.Tot, SHHT Bosh kotibi M.Imanaliyev, AQSH energetika vazirining birinchi oʻrinbosari D.Poneman, JAR prezidenti, Nobel mukofoti sovrindori F.de Klerk va boshqa turli xalqaro tashkilotlar rahbarlari va vakillari ishtirok etdi. Yakunda konferensiya ishtirokchilari tomonidan Ostona deklaratsiyasi qabul qilindi. 29-avgustning Yadro sinovlariga qarshi harakatlar xalqaro kuni deb eʼlon qilinishi yadroviy qurolsizlanish va yadro qurollarini tarqatmaslik maqsadiga, butun dunyoda yadroviy sinovlar taqiqlanishiga va yadrosiz dunyoga erishilishiga xizmat qilishi eʼtirof etildi.
2012-yil 27-29-avgust kunlari Ostona, Semey va Kurchatovda Yadro sinovlariga qarshi harakatlar xalqaro kuniga va Semipalatinskdagi yadroviy poligon yopilishining 21 yilligiga bagʻishlangan “Yadro sinovlarini taqiqlashdan yadro qurolidan holi dunyo sari” xalqaro konferensiyasi boʻlib oʻtdi. Konferensiya tribunasidan turib Qozogʻistonning Birinchi Prezidenti – Elboshi N.Nazarboyev “ATOM” xalqaro loyihasi ishga tushganini eʼlon qildi, konferensiya qatnashchilari va dunyodagi barcha yaxshi niyatli odamlarni “ATOM” loyihasini qoʻllab-quvvatlashga, dunyo hukumatlarini yadro sinovlaridan butkul voz kechishga chaqirdi. Davlat rahbari yana yadrosiz dunyo umumdeklaratsiyasini tezroq ishlab chiqish va qabul qilishga chaqirdi.
“ATOM” loyihasining maqsadi – butun dunyo odamlarini jipslashtirish orqali yadro qurollari sinovini oʻtkazishga qarshi kurashda real, doimiy oʻzgarishlarga erishish, oxir-oqibat, dunyoni yadro qurolidan xalos etishdan iborat. Loyiha doirasida yadro quroliga qarshi chiqadigan Yer yuzidagi har qanday kishi dunyo hukumatlarini yadro sinovlaridan butkul voz kechishga chaqiruvchi, yadro sinovlarini umumqamrovli taqiqlash toʻgʻrisidagi shartnoma tezroq kuchga kirishiga erishish, yadroviy tahdiddan holi dunyoni qurish yoʻlida muhim qadam tashlashga daʼvat etadigan onlayn-petitsiyaga imzo qoʻyishi mumkin.
Mazkur tashabbus eʼlon qilingandan boshlab, loyiha taqdimoti butun dunyo boʻylab oʻtkazildi. Tadbir doirasida mashhur rassom, “ATOM” loyihasining faxriy elchisi, oʻzi ham Semipalatinsk poligonidagi yadroviy sinov qurboni boʻlgan Karipbek Kuyukovning kartinalari koʻrgazmasi uyushtirildi.
“ATOM” loyihasi taqdimoti Gaagadagi kimyoviy qurollarni taqiqlash tashkilotida, Jenevadagi BMTning Yevropa boʻlimi qarorgohida, AQSH Senati va Vashingtondagi qator ilmiy-tadqiqot markazlarida, Venadagi Yadro sinovlarini umumqamrovli taqiqlash haqidagi shartnoma tashkiloti qarorgohida, Yaponiyaning Tokio, Xirosima, Nagasaki shaharlarida, Moskvadagi “Argumentы i Faktы” gazetasi tahririyatida, Berlindagi Konrad Adenauer fondida, shuningdek, Nyu-Yorkdagi BMT Bosh Assambleyasining maxsus sessiyasi doirasida, Norvegiya (Oslo), Meksika (Nayarit) va Buyuk Britaniya (London, Edinburg)da yadro sinovlari gumanitar oqibati boʻyicha xalqaro konferensiyalarda oʻtkazildi.
2017-yil 29-avgustda Elboshi N.Nazarboyev va MAGATE Bosh direktori Yu.Amano ishtirokida Ulbin metallurgiya zavodi bazasida MAGATE past boyitilgan uran banki binosining tantanali ochilish marosimi oʻtkazildi. Bank uchun oʻz hududini taqdim etgan Qozogʻiston ommaviy qirgʻin qurollarini tarqalmaslik rejimini mustahkamlashga va MAGATEga aʼzo davlatlarga past boyitilgan uran yetkazib berishning mutlaqo yangi kafolatlangan mexanizmini yaratishga yana bir hissa qoʻshdi.
2019-yil 29-avgustda Nur-Sultonda “Yadro qurolisiz dunyo va global xavfsizlik uchun Nazarboyev mukofoti”ni topshirish tantanali marosimi boʻlib oʻtdi. Yadro sinovlarini umumqamrovli taqiqlash shartnomasi tashkiloti ijrochi kotibi Lassina Zerbo va Atom energiyasi boʻyicha xalqaro agentlik (MAGATE)ning marhum bosh direktori Yukiya Amano mukofotning ilk sovrindorlari boʻlishdi.
Qozogʻiston Respublikasi tashqi ishlar vazirligi tashabbusi bilan BMT Bosh kotibi A.Guterrish mukofotlarni topshirish marosimi qatnashchilariga videomurojaat yoʻllab, yadro qurolidan holi dunyo, jumladan, yadro sinovlariga taqiq BMTning qurolsizlanish sohasidagi muhim vazifasi boʻlib qolayotganini taʼkidladi. Shu munosabat bilan BMT Bosh kotibi Qozogʻistonning Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyevga uning bu ishga sadoqati va ushbu mukofotni taʼsis etgani uchun minnatdorlik bildirdi.
2019-yil 29-avgust kuni Nyu-Yorkda Qozogʻistonning doimiy vakili K.Umarov tantanali tarzda BMT kotibiyatiga yadro qurolini taqiqlash toʻgʻrisidagi shartnoma ratifikatsiyasi haqidagi hujjatni topshirdi.
2020-yil 26-avgust kuni Yadro sinovlariga qarshi harakatlar xalqaro kuniga bagʻishlangan videokonferensiya shaklidagi tadbir oʻtkazildi. BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, BMT Bosh Assambleyasi raisi M.Bande ishtirokidagi marosimda Qozogʻistonning Birinchi Prezidenti – Elboshi N.Nazarboyevga yangi noyob maqom – “Yadro sinovlarini umumqamrovli taqiqlash shartnomasi tashkiloti chempioni” maqomi rasman taqdim etildi.
BMT Bosh Assambleyasining sana munosabati tashkil etilgan maxsus sessiyasida Yadro qurollari sinovini umumqarovli taqiqlash haqida shartnoma tashkiloti ijrochi kotibi Lassina Zerbo Nursulton Nazarboyevga uning rahbarligi paytida Qozogʻistonning yadrosiz dunyo qurish borasidagi global urinishlari va bu boradagi tarixiy hissasi uchun yangi maqom bilan taqdirlash tashabbusini ilgari surdi. Elboshining 1991-yil 29-avgustda Semipalatinskdagi dunyoning eng yirik yadro poligonlaridan birini yopish haqidagi mislsiz qarori nafaqat insoniyat tarixidagi yadro sinovlari oʻtkazishga huquqiy taqiq, balki xalqaro kunni taʼsis etish uchun asos boʻldi.
Qozogʻiston umum yadroviy qurolsizlanish borasida birinchi boʻlib real qadam qoʻydi. Jahon hamjamiyati hali sovet tuzumi parchalanmay tashlangan bu qadamni Elboshining global xalqaro xavfsizlikka qoʻshgan shaxsiy hissasi, deb hisoblaydi.
Bundan tashqari, ushbu sana munosabati bilan videokonferensaloqa shaklidagi rasmiy tadbirlar AQSH va Buyuk Britaniya poytaxtda tegishlicha 2 va 6-sentyabr kunlari oʻtkazilishi rejalashtirilgan.
Soʻzim yakunida yana bir tashabbusga toʻxtalmoqchiman. 2017-yil 7-iyulda BMTning Yadro qurollarini yoʻq qilish xalqaro harakati yadro qurollarini taqiqlash masalasini koʻtardi va bu masalada 122 mamlakatning xayrixohligiga erishdi. Ushbu bitimni qabul qilgan 40 mamlakatning 12 tasi Osiyo va Tinch okeani hududida joylashgan. Yadro sinovlarini butkul taqiqlash haqidagi shartnoma yadro qurollarini yoʻq qilish va tarqatmaslik uchun nihoyatda muhim va dunyoda yadro qurolini ishlab chiqishni chegaralab, tinchlik, xavfsizlikni taʼminlaydi.