Turkmanistondagi Maslahat uchrashuvi: Prezidentlar qanday tashabbuslarni ilgari surdi?
Joriy yilning 8-oktabr kuni Turkmanistondagi “Avaza” milliy sayyohlik zonasida Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining sakkizinchi Maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov raisligida o‘tgan sammitda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon qatnashdi.
Mintaqaviy hamkorlikning bu galgi muloqoti savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, transport va logistika imkoniyatlarini rivojlantirish, sanoat kooperatsiyasini mustahkamlash hamda o‘zaro integratsiyani yangi bosqichga olib chiqish masalalariga bag‘ishlandi.
Uchrashuvda yetakchilar mintaqaning iqtisodiy salohiyatidan samarali foydalanish, mamlakatlar o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni kuchaytirish va umumiy taraqqiyotga xizmat qiladigan qo‘shma loyihalarni ilgari surish yuzasidan o‘z takliflarini bildirdi.
Xo‘sh, “Avaza” sammitida mintaqa liderlari qanday muhim tashabbuslarni ilgari surdi?
Qasim-Jomart Toqayev: O‘zaro savdo hajmini 20 milliard dollarga yetkazish zarur

Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev mintaqada savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish va o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish tashabbusini ilgari surdi.
Uning ta’kidlashicha, o‘tgan yili mintaqa ichidagi savdo hajmi qariyb 13 milliard dollarni tashkil etgan. Bu mamlakatlar umumiy tovar aylanmasining taxminan 8 foiziga teng.
– Shu bois hukumatlarimizga o‘zaro savdo ulushini oshirish va ushbu ko‘rsatkichni kamida 20 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha qo‘shma harakatlar rejasini ishlab chiqish hamda qabul qilish vazifasini yuklash maqsadga muvofiq, - deya fikr bildirdi Qasim-Jomart Toqayev.
Shuningdek, Qozog‘iston yetakchisi sanoat, mashinasozlik, energetika va qishloq xo‘jaligi sohalarida qo‘shma loyihalarni ko‘paytirish, savdo to‘siqlarini bosqichma-bosqich bartaraf etish hamda avtomobil va temir yo‘l aloqalarini kengaytirish muhimligini ta’kidladi.
Uning fikricha, Markaziy Osiyo va Ozarbayjon o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va hamjihatlik bugungi global geosiyosiy murakkabliklar sharoitida strategik ahamiyatga ega.
Sadir Japarov: Yagona elektron savdo platformasini tashkil etish vaqti keldi

Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov Markaziy Osiyo va Ozarbayjon uchun yagona elektron savdo platformasini yaratish tashabbusini ilgari surdi.
Ushbu platforma tadbirkorlar va iste’molchilarning mintaqada ishlab chiqarilgan mahsulotlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, tovarlarni tashqi bozorlarga olib chiqish va raqamli savdoni rivojlantirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Qirg‘iziston rahbari elektron savdoni rivojlantirish tovarlarni yetkazib berish, omborlarda saqlash, bojxona rasmiylashtiruvi va yuklarni kuzatishni qamrab oladigan zamonaviy logistika infratuzilmasini shakllantirish bilan birga olib borilishi zarurligini bildirdi.
Shuningdek, u Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi mintaqaning xalqaro transport tarmoqlariga integratsiyalashuvida muhim o‘rin tutishini qayd etdi.
– Bizning asosiy maqsadimiz aniq o‘lchanadigan natijalarga erishish, ya’ni, yuk tashish xarajatlarini kamaytirish va yo‘lga sarflanadigan vaqtni qisqartirish bo‘lishi kerak. Shu bilan birga, har bir o‘lka mintaqaviy transport loyihalarida to‘laqonli ishtirok etish va ulardan iqtisodiy manfaat ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘lishi lozim, - deya ta’kidladi S.Japarov.
Prezident shuningdek, muzliklar va tog‘ ekotizimlarini muhofaza qilish, qo‘shma turizm yo‘nalishlarini rivojlantirish hamda “bir sayohat – bir nechta mamlakat” tamoyili asosida yagona turistik makonni shakllantirish taklifini bildirdi.
Shavkat Mirziyoyev: “Olti iqtisodiyot – bitta mahsulot” tamoyili asosida hamkorlikni rivojlantirish lozim

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev savdo, sanoat, transport, energetika va raqamli texnologiyalar sohasida o‘zaro bog‘langan yagona hamkorlik makonini shakllantirish bo‘yicha qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi.
Davlat rahbari iqtisodiy hamkorlikni oddiy tovar ayirboshlashdan qo‘shma ishlab chiqarish zanjirlarini tashkil etish bosqichiga olib chiqish zarurligini ta’kidladi.
– Biz bir-birimiz bilan oddiy savdo qilishning o‘zi yetarli bo‘lmay qolgan bosqichga yetib keldik. Yakuniy mahsulotni birgalikda yaratishimiz kerak. “Olti iqtisodiyot – bitta mahsulot” formulasi biz intilishimiz lozim bo‘lgan maqsad mohiyatini yaxshi ifodalaydi, - dedi Sh.Mirziyoyev.
O‘zbekiston yetakchisi 2027-yilda Xiva shahrida Markaziy Osiyo va Ozarbayjon biznes forumini o‘tkazish, qo‘shma investitsiya loyihalarini moliyaviy-texnik qo‘llab-quvvatlash uchun maxsus platforma yaratishni taklif etdi.
Shuningdek, transport va logistika loyihalarini muvofiqlashtirish maqsadida Infratuzilmaviy rivojlanish bo‘yicha kengash tashkil etishni tezlashtirish hamda uning birinchi majlisini O‘zbekistonda o‘tkazishga tayyorligini ma’lum qildi.
Energetika sohasida kam uglerodli energetika salohiyati bo‘yicha qo‘shma konsepsiya ishlab chiqish, suv resurslaridan oqilona foydalanish, irrigatsiya tizimlarini modernizatsiya qilish va ekologik muammolarga birgalikda yechim topish muhimligiga e’tibor qaratildi.
Prezident “Markaziy Osiyo toza havosi” xalqaro konsorsiumi faoliyatini sanoat zonalari, agroklasterlar va transport tarmoqlarini ekologik modernizatsiya qilishga qaratilgan amaliy loyihalardan boshlash taklifini ham bildirdi.
– So‘nggi yillarda biz ko‘p narsaga erishdik. Endi bu o‘zgarishlarni mustahkamlash va hamkorligimizni kelgusi o‘n yilliklar davomida barqaror qilish muhimdir. Formula oddiy: taraqqiyot va xavfsizlik yo‘lida birdamlik va ishonch, - deya ta’kidladi Sh.Mirziyoyev o‘z nutqida.
Serdar Berdimuhamedov: Mintaqani yirik logistika va energetika markaziga aylantirish muhim

Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov Markaziy Osiyo va Ozarbayjon o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, mamlakatlarning iqtisodiy va transport imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish zarurligini ta’kidladi.
Uning fikricha, mintaqa davlatlari jahon iqtisodiyotida muhim logistika va energetika markazlari sifatida o‘z mavqeini mustahkamlash uchun yetarli salohiyatga ega.
Turkmaniston yetakchisi ilk bor olti tomonlama formatda o‘tayotgan uchrashuvning ahamiyatiga to‘xtalib, Ozarbayjonning mazkur muloqotga qo‘shilishini qardoshlik, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholadi.
U tashqi siyosat, xavfsizlik, savdo-iqtisodiy aloqalar, fan, ta’lim va gumanitar sohalarda mavjud imkoniyatlarni birlashtirishga e’tibor qaratish lozimligini tilga oldi.
S.Berdimuhamedovning ta’kidlashicha, milliy iqtisodiyotlarning jadal rivojlanishi, diversifikatsiyalashuvi va texnologik salohiyati ortishi mamlakatlar oldiga yirik strategik maqsadlarni qo‘yish imkonini bermoqda.
Shu ma’noda, u mintaqaning Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarda tutgan o‘rnini mustahkamlash, energetika va transport sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, xalqlarning umumiy ma’naviy va madaniy qadriyatlarini asrab-avaylash zarurligini qayd etdi.
Turkmaniston rahbari davlatlar jahondagi o‘zgarishlar va yangi tahdidlar sharoitida hamkorlik salohiyatidan imkon qadar to‘liq foydalanishi kerakligini aytdi.
Ilhom Aliyev: Birgalikda sarmoya kiritish, mahsulot ishlab chiqarish va tashqi bozorlarga chiqish kerak

Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Markaziy Osiyo davlatlari bilan qo‘shma investitsiya loyihalarini ko‘paytirish, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va Kaspiy dengizi orqali transport aloqalarini yanada rivojlantirish muhimligini qayd etdi.
Davlat rahbarining ma’lum qilishicha, o‘tgan yili Ozarbayjonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan savdo aylanmasi 50 foizdan ziyod oshgan. Ayni paytda mamlakatda mintaqa davlatlari kapitali ishtirokida 400 dan ortiq kompaniya faoliyat yuritmoqda.
– Biz faqat o‘zaro savdoni ko‘paytirish bilan cheklanib qolmasligimiz, balki birgalikda sarmoya kiritishimiz, mahsulot ishlab chiqarishimiz va tashqi bozorlarga chiqishimiz kerak, - deya fikr bildirdi I.Aliyev.
Ozarbayjon yetakchisi Qozog‘iston, O‘zbekiston va Qirg‘iziston bilan tashkil etilgan qo‘shma investitsiya jamg‘armalari imkoniyatlaridan faolroq foydalanish, yangi ishlab chiqarish korxonalarini barpo etish va sanoat hamkorligini kengaytirishga chaqirdi.
Shuningdek, u Transkaspiy transport yo‘nalishlari raqobatbardoshligini oshirish, dengiz portlari, temir yo‘llar va avtomobil yo‘llari infratuzilmasini rivojlantirish muhimligini aytdi. Prezidentning ma’lum qilishicha, O‘rta yo‘lak orqali tranzit yuk tashish hajmi o‘tgan yili 10 foizdan ziyod, joriy yilning dastlabki sakkiz oyida esa qariyb 20 foizga oshgan.
Ilhom Aliyev Kaspiy dengizi tubidan optik tolali aloqa liniyalarini o‘tkazishni nazarda tutuvchi “Raqamli Ipak yo‘li” loyihasiga ham e’tibor qaratdi.
Energetika sohasida esa Ozarbayjon, Qozog‘iston va O‘zbekiston ishtirokida “yashil” energiya yo‘lagini tashkil etish bo‘yicha ishlar davom etayotganini ma’lum qildi.
Emomali Rahmon: Mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash zarur

Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon o‘z nutqida Markaziy Osiyo va Ozarbayjonning iqtisodiyot, transport, energetika va sanoat sohalarida yanada yaqin hamkorlikka o‘tish borasidagi ulkan salohiyatiga e’tibor qaratib, mintaqada buning uchun yetarli resurslar mavjudligini ta’kidladi.
Prezident energetika sohasidagi hamkorlikni kengaytirish zarurati, uning qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi barqarorligini ta’minlash va oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashdagi ahamiyatini inobatga olib, ustuvor energetika loyihalari ro‘yxatini shakllantirish va ularni birgalikda moliyalashtirishning ehtimoliy mexanizmlarini ishlab chiqish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishni taklif etdi.
Shu munosabat bilan butun mintaqa ehtiyojlarini hisobga olgan holda, eng zamonaviy texnologiyalar asosida yirik neftni qayta ishlash zavodini qurish loyihasini ishlab chiqish va amalga oshirish muhimligi tilga oldi.
Shuningdek, davlat rahbari qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish va energiya samaradorligini oshirishni nazarda tutuvchi mintaqaviy “yashil” o‘tish strategiyasini ishlab chiqish tashabbusini ilgari surdi.
Raqamlashtirish mavzusini davom ettirar ekan, E.Rahmon Dushanbe shahrida Mintaqaviy sun’iy intellekt markazini tashkil etishning ahamiyatiga to‘xtaldi. Ushbu markaz faoliyati mintaqa mamlakatlarining innovatsion imkoniyatlarini birlashtirishi hamda iqtisodiyot va ijtimoiy hayotning turli sohalarida sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etishni jadallashtirishiga ishonch bildirdi.
Shunday qilib, “Avaza”dagi sakkizinchi Maslahat uchrashuvi Markaziy Osiyo va Ozarbayjon o‘rtasidagi hamkorlikning yangi ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi, deyish mumkin. Davlat rahbarlari tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, transport va energetika sohalaridagi hamkorlikni mustahkamlash, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish hamda raqamli va “yashil” iqtisodiyotga o‘tish jarayonlarini jadallashtirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Mazkur takliflarning amaliy ro‘yobga chiqarilishi mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish, iqtisodiy salohiyatdan samarali foydalanish va umumiy taraqqiyot uchun yangi imkoniyatlar yaratishi shubhasiz.
O‘tkir ALIMOV,
O‘zA