XX yozgi Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi
Yaponiyada 45 ga yaqin milliy terma jamoalar ishtirokida o‘tkaziladigan "Aichi-Nagoya-2026" yozgi Osiyo o‘yinlarining boshlanishiga 64 kun qoldi.
Shu qisqa fursatda to‘rt yilda bir marta o‘tadigan yozgi Osiyo o‘yinlariga puxta tayyorgarlik ko‘rish, kerakli natijalarga erishish mamlakatimiz sportchilari oldida turgan eng asosiy vazifa hisoblanadi.

Sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi hamda tegishli tashkilotlar hamrohligida ayni kunlarda mamlakatimizdagi mavjud sport federatsiyalarda, milliy terma jamoalarda yilning eng muhim sport tadbirlaridan biri bo‘lgan “kichik olimpiada”ga tayyorgarlik jarayonlari bilan tanishilmoqda. Tahlillar asosida zarur tavsiyalar berilmoqda.
Kuni kecha O‘zbekiston yengil atletika va chim ustida xokkey federatsiyalarida o‘tkazilgan uchrashuvlarda Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik masalalari ko‘rib chiqildi.

Muhokamalar jarayonida terma jamoalar tarkibini shakllantirish, sportchilarning joriy sport formasi va individual ko‘rsatkichlari, xalqaro musobaqalar taqvimi, litsenzion musobaqalar, o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari hamda XX yozgi Osiyo o‘yinlarigacha bo‘lgan tayyorgarlik dasturi ko‘rib chiqildi.
Har ikki sport turi bo‘yicha istiqbolli sportchilarni tayyorlash, murabbiylar faoliyatini takomillashtirish, sportchilar uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish hamda tayyorgarlikning barcha bosqichlarini tizimli o‘tkazish zarurligi ta’kidlandi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA