Xususiy sektorda benzin narxi arzonlashmagan...
Mamlakatimizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi Toshkent viloyatida ham AI-80 markali benzin belgilangan narxlarda sotilishi nazorat qilinmoqda.
Xususan, “Kuchlik” neftbaza Toshkent viloyat unitar korxonasi direktori Elyor Xudoyshukurovning ta’kidlashicha, joylarda jami 232 ta yoqilg‘i quyish shoxobchalari mavjud. Shundan 28 tasi “O‘zbekneftgaz” AJga qarashli bo‘lib, xaridorlarga AI-80 markali benzin arzonlashtirilgan 5 ming 700 so‘m narxda, cheklovlarsiz sotilyapti. Biroq qolgan 204 tada ya’ni xususiy sektorga qarashli yoqilg‘i quyish shoxobchalarining ayrimlarida AI-80 markali benzin sotilmayapti yoki belgilangan yangi narxdan qimmatroq.

Mas’ullarning aytishicha, tadbirkorlar birja savdolarida benzinni qimmatroq narxda sotib olgan. Shu sababli ham avvalgi narxdagi benzin sotib bo‘linmasa arzonlashtirilgan tartibga o‘tilmaydi. Shu kabi holatlarni e’tiborga olib, joylarda mutasaddi davlat va jamoat tashkilotlari vakillari bu kabi holatlarni o‘rganyapti. Narxlarning sun’iy oshirilmasligini muntazam nazorat qilish choralari ko‘rilyapti.
Jumladan, Chirchiq shahar hokimi D.Hidoyatov va shahar IIB boshlig‘i E.Sultonov hamda inspeksiya xodimlari hamrohligida hududdagi avtomobillarga benzin quyish nuqtalari faoliyati o‘rganildi. Aholining ushbu yoqilg‘ilarga talab ortganidan foydalanib, narx-navoning sun’iy oshib ketmasligining oldini olish bo‘yicha tadbirkorlar bilan tushuntirish ishlari olib borildi.
Aniqlanadigan qonunbuzarlik holatlari bo‘yicha tegishli choralar ko‘riladigan bo‘ldi. Viloyatda bu kabi o‘rganishlar davom etyapti.
A.MUSAEV, O‘zA.