Xususiy mulk va tadbirkorlik kafolati
Samarqandda “2015-2019-yillarda iqtisodiyotni yanada isloh qilish, tarkibiy o‘zgartirish va diversifikatsiyalash dasturini hayotga tatbiq etishda huquqni muhofaza qilish organlarining roli va mas’uliyatini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida” mavzusida konferensiya-seminar bo‘lib o‘tdi.
Samarqandda “2015-2019-yillarda iqtisodiyotni yanada isloh qilish, tarkibiy o‘zgartirish va diversifikatsiyalash dasturini hayotga tatbiq etishda huquqni muhofaza qilish organlarining roli va mas’uliyatini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida” mavzusida konferensiya-seminar bo‘lib o‘tdi.
Tadbir sim orqali muloqot tarzida tashkil etilib, viloyat, tuman va shahar studiyalarida huquqni muhofaza qilish idoralari, nazorat qiluvchi va sud organlari vakillari, tadbirkor hamda fermerlar ishtirok etdi.
Anjumanda Prezidentimizning shu yil 15-maydagi “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga xususiy mulkni, tadbirkorlik subyektlarini ishonchli himoya qilishni yanada kuchaytirishga, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun mazmun-mohiyatini tadbirkorlarga tushuntirish, ularning huquqiy himoyasini kuchaytirish, faoliyatiga to‘sqinlik qilayotgan g‘ov va cheklovlarni bartaraf etish, ko‘rsatilayotgan xizmatlar ko‘lami va sifatini yanada oshirish lozimligi qayd etildi.
Samarqand viloyati prokurori B.Dehqonov, viloyat davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i A.Mirzarahimov va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar samarasida milliy iqtisodiyotimiz jadal rivojlanayotgani, bunda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining yetakchi kuchga aylanayotgani xalqimiz turmush farovonligini yuksaltirishda alohida ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi.
– Davlatimiz rahbarining mazkur farmoni mamlakatimiz iqtisodiyotida xususiy mulkning o‘rni va rolini tubdan oshirish, tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish va jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siq va cheklovlarni bartaraf etish, tadbirkorlar huquqlarini buzish holatlariga yo‘l qo‘ygan davlat idoralari xodimlarining ma’muriy va jinoiy javobgarligini kuchaytirish, aybdorlarga nisbatan jazo muqarrarligi prinsipini so‘zsiz ta’minlash borasida o‘ta muhim hujjatdir, – deydi Samarqand viloyati prokurori B.Dehqonov. – E’tiborlisi, ushbu farmon ijrosiga ko‘ra, Jinoyat kodeksiga yangi “Tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinlik qilish, qonunga xilof ravishda aralashish bilan bog‘liq jinoyatlar hamda xo‘jalik yurituvchi subyektlarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga tajovuz qiladigan boshqa jinoyatlar” haqidagi alohida bob kiritildi. Natijada tadbirkorlik subyektlarining xususiy mulk huquqini buzish, faoliyatini tekshirish tartibini buzish yoki qonunga xilof ravishda tekshirish tashabbusi bilan chiqish, bankdagi hisob-varaqa bo‘yicha operatsiyalarni qonunga xilof ravishda to‘xtatish yoki pul mablag‘lari haqidagi axborotni talab etish, homiylikka va boshqa tadbirlarga majburiy jalb etish, litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini buzish yoki ruxsat berish tartib-taomillarining yangi turlarini joriy etish, imtiyozlar va preferensiyalarni qo‘llashni rad etish, qo‘llamaslik yoki qo‘llashga to‘sqinlik qilish, pul mablag‘lari berishni banklar tomonidan asossiz ravishda kechiktirish kabi harakatlar uchun yangi qonun aybdor mansabdor shaxslarni jinoiy javobgarlikka tortish uchun qonuniy asos yaratdi.
Bugungi kunda viloyatda 16 mingdan ortiq kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyekti faoliyat yuritmoqda. Joriy yilning o‘tgan 8 oyida 1 ming 573 yangi tadbirkorlik subyekti tashkil etildi. Yilning shu davrida viloyat iqtisodiyotida xususiy sektorning ulushini yanada kengaytirish, tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida tijorat banklari tomonidan 680,5 milliard so‘mlik kreditlar ajratildi. Kichik biznes subyektlarining viloyat yalpi hududiy mahsulotidagi ulushi 77,4 foizni tashkil etib, ish bilan band aholining 83,3 foizi aynan shu sohada mehnat qilmoqda. Sanoat mahsulotidagi ulushi esa 44,3 foizni tashkil etdi.
– Prezidentimizning joriy yil 15-maydagi farmoni biz, tadbirkorlar faoliyatini yanada rivojlantirishda g‘oyat muhim hujjat bo‘ldi, – deydi Pastdarg‘om tumanidagi “Beka Charos” xususiy korxonasi rahbari Gulbeka Qo‘chqorova. – 2008-yilda tashkil etilgan va tikuvchilik mahsulotlari tayyorlanayotgan korxonamizda dastlab sakkiz kishi mehnat qilgan bo‘lsa, ayni paytda 40 nafar xotin-qiz muqim ish o‘rni bilan ta’minlangan. 2014-yilda “Mikrokreditbank”ning Juma filialidan 48 million so‘mlik kredit oldik va faoliyatimizni kengaytirdik. Natijada joriy yilning 6 oyida 160 million so‘mlikdan ziyod ellik xildagi mahsulot ishlab chiqardik. Keyingi yillarda xususiy sektor vakillariga yaratilayotgan imtiyozlardan unumli foydalanib, faoliyatimizni yanada kengaytirishga astoydil bel bog‘ladik. Ya’ni, Juma shahridagi tuman mudofaa ishlari bo‘limiga qarashli foydalanilmayotgan bo‘sh binoni «nol» qiymatida xarid qilib, bu yerga xorijdan keltirilgan zamonaviy tikuv dastgohlari o‘rnatmoqdamiz. Maqsadimiz yana 30 nafar ayol va kollej bitiruvchilarini ish bilan ta’minlash.
Konferensiya-seminarda Samarqand viloyati hokimi Z.Mirzayev so‘zga chiqdi.