Xususiy korxona mahsulot hajmini oshirmoqda
“Qalaychorbog‘” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida faoliyat ko‘rsatayotgan “Muhammadjon Maqsad Sulaymon” MCHJ ayni kunda uy-ro‘zg‘or uchun kerakli chelak, lagan, tog‘ora, shu bilan birga, oshxona quyma idishlarini bejirim va sifatli qilib tayyorlayapti. Asosan plastmassa buyumlar ishlab chiqarayotgan korxonada elektrotexnika jihozlariga zarur ehtiyot qismlar, o‘yinchoqlar va boshqa bir qancha mahsulotlar ham ishlab chiqarilayapti.
– Jamoamiz bilan oyda 100 million so‘m atrofida, yilda 1 milliard 100 million so‘m atrofida mahsulot tayyorlab, ichki bozorda sotyapmiz, – deydi mazkur xususiy korxona rahbari Umid Jabborov. – Bizda ishlab chiqarilayotgan mahsulot turini ko‘paytirish imkonimiz bor. Faqat buning uchun xomashyo ta’minotini barqarorlashtirish bilan birga qo‘shimcha quvvatlarni ishga solish lozim. Masalan, hozir plastmassa mahsulotini qayta ishlashga ixtisoslashgan turdosh korxonalar qo‘shni Qashqadaryo viloyatidagi “Sho‘rtangazkimyo” hamda boshqa neft-gaz zavodlaridan o‘ziga kerakli polietilen granulani birja savdolari orqali xarid qilmoqda. Aytish joizki, mahalliy xomashyo chet eldagi hamkorlarimiz ishlab chiqarishga yo‘llayotgan xomashyodan birmuncha qimmat. Shu boisdan ham o‘zimizda tayyorlayotgan mahsulotni xorijga eksport qilish imkoniga ega emasmiz. Yaxshi bilamizki, chet elda polietilen granulani ikkilamchi bozordan ham keng miqdorda xarid qilish mumkin.

Buxoro viloyati Romitan tumanidagi “Muhammadjon Maqsad Sulaymon” mas’uliyati cheklangan jamiyati 2008 yili oddiy biznes loyihasi sifatida 3 nafar ishchi bilan faoliyat boshlagan. Dastlab ikki, so‘ng besh turdagi turli o‘lchamdagi idishlar ishlab chiqarilgan kichik korxonada bugunga kelib mahsulot turi 50 ga yetkazilgani tinimsiz mehnat va izlanish samarasidir. Ishning barqaror yo‘lga qo‘yilgani orqasidan yaxshigina manfaat ko‘rilayotgani bois, ishchilar soni 20 nafarga yetgan.

Korxona jamoasiga unumli ishlash uchun barcha qulaylik yaratilgan. Ish ikki smenada tashkil etilgan. Ishchi-xodimlar bepul issiq ovqat va transport xizmati bilan ta’minlangan.
Ayni paytda “Muhammadjon Maqsad Sulaymon”da joriy yil yakuni bilan ishlab chiqarish hajmini o‘tgan yilga nisbatan oshirish va buning uchun korxonada uch smenada uzluksiz ish tashkil etish bilan bog‘liq tashkiliy chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Zarif Komilov, O‘zA