Xush kayfiyat — eng yaxshi darmon
FOTOREPORTAJ
Inson kayfiyati ko‘tarilganda, kulganda, xursandchiliklarda qon tarkibida “endorfin” gormoni ko‘payadi. Baxt gormonining shifobaxsh ta’siri shundaki, organizmdagi qonni suyultiradi, infeksiyaga qarshi kurashadi. Hayotdan norozi, stresslarga tushgan, doim nolib yuradigan odam esa turli xastaliklarga ro‘baro‘ kelishi ilmiy isbotlangan.
Navro‘z bayrami arafasida Farg‘ona viloyati ftiziatriya va pulmonologiya markazida bemorlarga yaxshi kayfiyat va ruhan tetiklik baxsh etish maqsadida USAIDning «Tuberkulyozdan xoli O‘zbekiston» loyihasi doirasida tadbir bo‘lib o‘tdi. Ko‘ngilochar dastur asosida o‘tgan tantanada shifoxona xodimlari va bemorlar, loyiha mutaxassislari qatnashdilar.
[gallery-16495]
- Har bir bemor tezroq tuzalib ketishni xohlaydi. “Siz tushkun yursangiz, tez tuzalmaysiz”, deb bemorlarga uqtiramiz, - deydi Farg‘ona viloyati ftiziatriya va pulmonologiya markazi boshlig‘i o‘rinbosari Sardor Sodiqxo‘jayev. - Bemor qancha kuchli dori-darmonlarni qabul qilmasin, ruhiyatida ko‘tarinkilik bo‘lmasa, muolajalar foyda bermay, ko‘rilgan davo choralari ta’siri 50 foizga qisqarib ketadi.
Tadbir davomida san’atkorlarning kuy-qo‘shiqlari go‘zal raqslarga ulandi, badiiy chiqishlar namoyish etildi, sport musobaqalari, tanlovlar o‘tkazildi. Barchaning ko‘ngliga quvonch, ko‘tarinkilik indi.
Dastur yakunida ishtirokchilarga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Muqimjon QODIROV(surat),O‘zA