Xotin-qizlar sira e’tibordan chetda qolmaydi
O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligida Hududiy xotin-qizlar jamoatchilik kengashlari faoliyati samaradorligini yanada oshirish masalalariga bag‘ishlangan onlayn yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirining birinchi o‘rinbosari Gulnora Marufova tomonidan Zoom platformasi orqali vazirlikning hududiy bo‘linmalari birinchi o‘rinbosarlari ishtirokida o‘tkazilgan mazkur yig‘ilishda xotin-qizlar bilan bog‘liq qator muhim masalalar muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, joylarda faoliyat olib borayotgan Hududiy xotin-qizlar jamoatchilik kengashlari ayollarning muammolarini joyida o‘rganish, unga turli mutasaddi tuzilmalarni keng jalb etish, dolzarb masalalar yechimiga joylarning o‘zida to‘g‘ri yo‘l topishdek maqsadlarni ko‘zlaydi. Ayni paytda ular faoliyatini yanada takomillashtirish zarurligiga jiddiy e’tibor qaratildi.

Yig‘ilishda, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2021 yil 25 iyundagi tegishli qaroriga asosan, Xalq ta’limi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari mahalliy hokimliklar bilan birgalikda har bir tuman va shaharda qizlarning iste’dodlarini ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashadigan «Bibixonim maktablari»ni tashkil etish bilan bog‘liq ishlar atroflicha muhokama etildi. Mazkur maktablar qizlarning iste’dodini ro‘yobga chiqarish, ularni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Tadbirda, shuningdek, xotin-qizlar, ayniqsa, ehtiyojmand oilalardagi opa-singillarimizni sog‘lomlashtirish, ularga zarur tibbiy ko‘mak ko‘rsatish, xotin-qizlarni tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish orqali mehnat bandligini ta’minlash masalalari ham batafsil muhokama etildi.
Shuningdek, "Ayollar daftari"ning ijrosi ikkinchi bosqichida ijtimoiy ko‘mak masalalarining aniq, manzili va tizimli, natijador tarzda tashkil etilishi dolzarbligi alohida qayd etildi.
Mahallalardagi Xotin-qizlar, “Nuroniy” jamoatchilik kengashlari, mahalla fuqarolar yig‘inlarining "Oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash komissiyasi”, “Ota-onalar universiteti” jamoatchilik tuzilmasi, “Keksalar maslahati” guruhlari va “Buvijonlar maktabi” kengashlarining mahalla rivojidagi amaliy hissasini kuchaytirish bilan bog‘liq amaliy chora-tadbirlar belgilandi.
N.Usmonova, O‘zA