Xotin-qizlar huquqlari himoyasi – jamiyat ravnaqining muhim omili
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Navoiy viloyat Kengashi, Oila va xotin-qizlar boshqarmasi, viloyat Adliya boshqarmasi hamda IIB hamkorligida “Xotin-qizlar huquqlari himoyasi – jamiyat ravnaqining muhim omili” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirda ishtirokchilarga mamlakatimizda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qonun hujjatlari, jumladan, “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi hamda “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunlarning mazmun-mohiyati haqida atroflicha ma’lumotlar berildi. Ushbu qonunlar jamiyatda gender tenglikni ta’minlash, ayollarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish va oila institutini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Davra suhbatida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Navoiy viloyat Kengashi raisi Nazira Tog‘ayeva so‘zga chiqib, mazkur qonunlar, avvalo, jamiyatda ayollarning mavqeini oshirish, ularning davlat va jamiyat qurilishida faol ishtirokini ta’minlash, oilani mustahkamlash, shuningdek, har tomonlama sog‘lom farzandlarni voyaga yetkazishga qaratilganligi bilan ahamiyatli ekanligini ta’kidladi.

– So‘nggi yillarda ushbu sohada muhim yangilanishlar amalga oshirildi, – dedi N.Tog‘ayeva. – Xususan, 2023-yildan boshlab oilaviy zo‘ravonlik uchun jinoiy javobgarlik joriy etildi. Endilikda bunday holatlar oddiy “oilaviy masala” sifatida emas, balki qonun bilan jazolanadigan huquqbuzarlik sifatida baholanmoqda. Shuningdek, zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlarga nisbatan himoya choralarini kuchaytirish, ularni ijtimoiy, psixologik va huquqiy qo‘llab-quvvatlash tizimi yanada takomillashtirildi. Yana bir muhim jihat shundaki, so‘nggi o‘zgarishlarga ko‘ra, zo‘ravonlik mavjud bo‘lgan holatlarda majburiy yarashtirish amaliyoti bekor qilinib, jabrlanuvchilarning manfaatlari ustuvor qo‘yilmoqda. Bugungi kunda xotin-qizlarning jamiyatdagi faolligini oshirish, ularning huquqiy savodxonligini yuksaltirish, zo‘ravonlikning oldini olish – barchamizning muhim vazifamizdir. Joylarda muammolarni o‘z vaqtida aniqlash, ularni bartaraf etish, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida sog‘lom muhitni shakllantirish bo‘yicha tizimli ishlarni kuchaytirishimiz zarur. Biz har bir xotin-qiz o‘zini himoyalangan, qadrlangan va jamiyatning teng huquqli a’zosi sifatida his etadigan muhitni yaratishimiz shart.

Tadbir davomida xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining sabablari ham muhokama qilindi. Mutaxassislar buning asosiy omillari sifatida oilada tarbiya va ma’naviyatga yetarlicha e’tibor berilmasligi, ishsizlik va ijtimoiy muammolarni ko‘rsatib o‘tdi. Shu nuqtai nazardan, profilaktik choralarni kuchaytirish, aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida huquqiy ong va madaniyatni yuksaltirish muhim vazifa ekani ta’kidlandi.
Davra suhbati ishtirokchilari gender tenglikni ta’minlash, xotin-qizlarning huquqlarini ishonchli himoya qilish, mehnat jamoalarida sog‘lom ijtimoiy muhit yaratish masalalari yuzasidan o‘z fikr va takliflarini bildirdi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri