Xotin-qizlar bilan ishlash tizimi samaradorligi oshirilmoqda
“Navoiyuran” davlat korxonasida "Korxona va tashkilotlar, ta’lim muassasalarida xotin-qizlar bilan ishlash tizimi samaradorligini oshirish" mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.
Navoiy viloyat oila va xotin-qizlar boshqarmasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda korxonaning faol xotin-qizlari, tashkilot va muassasalardagi xotin-qizlar masalalari bo‘yicha mas’ul xodimlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Seminar avvalida ishtirokchilarga korxonaning faoliyati, ishlab chiqarish salohiyati va xotin-qizlar bilan ishlash yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar haqida videorolik namoyish etildi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat va mehnat jamoalaridagi faolligini oshirish, huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida to‘xtalib o‘tishdi.

Ta’kidlanganidek, xotin-qizlar bilan ishlashda har bir xodimning murojaatini o‘z vaqtida o‘rganish, muammoning sabablarini chuqur tahlil qilish hamda uni bartaraf etish bo‘yicha aniq choralarni belgilash samaradorlikning muhim omilidir. Bunda korxona va tashkilotlarda xotin-qizlar boshlang‘ich tashkilotlari, mas’ul xodimlar hamda jamoat tuzilmalari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish zarur.
Tadbirda “Navoiyuran” davlat korxonasida xotin-qizlar bilan ishlash borasidagi tajriba ham alohida e’tirof etildi. Korxonada mehnat qilayotgan faol, tashabbuskor va o‘z ishida namuna ko‘rsatayotgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning kasbiy va ijtimoiy faolligini oshirishga qaratilgan ishlar haqida ma’lumotlar berildi.
– Bugungi kunda korxonamizda 11 ming nafarga yaqin ishchi-xodim mehnat qilmoqda. Ularning 905 nafarini xotin-qizlar tashkil etadi. E’tiborlisi, ularning 34 nafari rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritmoqda, – deydi “Navoiyuran” DK boshqarmasi hujjatlar ijrosini nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati boshlig‘i Nargiza Kenjayeva. – Xotin-qizlarimiz korxonada nafaqat ma’muriy yoki ijtimoiy yo‘nalishlarda, balki strategik ob’ektlarda, nazorat va inspektorlik sohalarida, laboratoriya tadqiqotlari, geologiya, texnik nazorat va boshqa muhim ishlab chiqarish yo‘nalishlarida samarali mehnat qilmoqda. Korxonamizda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash bo‘yicha Maslahat kengashi tashkil etilgan. Shuningdek, Ishchi guruhlar tomonidan bo‘linmalarda sayyor qabullar o‘tkazilib, xotin-qizlarni qiynab kelayotgan masalalar, ularning murojaat va takliflari muntazam o‘rganib borilmoqda.

“Ayollar daftari”ga kiritilgan hamda kambag‘allik reyestrida turgan ishsiz xotin-qizlar va ularning oilalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 280 nafar xotin-qiz va ularning oila a’zolari korxonaning turli yo‘nalishlariga ishga qabul qilingan. Birgina joriy yilning o‘tgan davri mobaynida 87 nafar xotin-qiz malaka oshirish va qayta tayyorlash o‘quv kurslarida ishtirok etdi. 122 nafar xotin-qiz sanatoriy, profilaktoriy va dam olish maskanlariga yuborildi. Bu esa korxonada xodimlarning bilim va ko‘nikmalarini muntazam rivojlantirishga, ularning sog‘ligiga alohida e’tibor qaratilayotganini ko‘rsatadi.
Seminar davomida xotin-qizlar bilan ishlashning huquqiy asoslari, ularning mehnat huquqlarini ta’minlash, oilaviy munosabatlarda ijtimoiy-ma’naviy muhitni mustahkamlash, tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olish, xotin-qizlarning bandligi va kasbiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash, gender tenglik tamoyillarini mehnat jamoalarida qaror toptirish kabi masalalar atroflicha muhokama qilindi.

Muloqotlar jarayonida amaliyotda uchraydigan holatlar, ularning yechimlari va xotin-qizlar bilan ishlashda qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan samarali usullar haqida ham fikr almashildi.
Tadbir so‘nggida konsert dasturi namoyish etildi.
A.Bo‘riyev,
O‘zA muxbiri