Xotin-qizlar bandligi taʼminlanmoqda
Yillik oilaviy rejasiga: uy-joyini, roʻzgʻorini, farzandlarini kamu-koʻstini toʻldirish, toʻy-tomosha qilish, dam olish kabi yana bir qator bandlarni kiritadi.
Prezidentimizning 2020-yil 11-avgustdagi “Kambagʻal va ishsiz fuqarolarni tadbirkorlikka jalb qilish, ularning mehnat faolligini oshirish va kasb-hunarga oʻqitishga qaratilgan hamda aholi bandligini taʼminlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida Sirdaryo viloyati mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boshqarmasi tomonidan tizimli ishlar olib borilmoqda.
Oilada bir kishining ishlashi qoraqozonni qaynatadi, dasturxoniga qut-baraka qoʻndiradi. Er-xotinning mehnat qilishi esa oilaviy byudjetni mustahkamlaydi, qoʻshimcha daromad manbaini hosil qiladi. Yillik oilaviy rejasiga: uy-joyini, roʻzgʻorini, farzandlarini kamu-koʻstini toʻldirish, toʻy-tomosha qilish, dam olish kabi yana bir qator bandlarni kiritadi.
Ota-bobolarimiz, qiz bola birovning xasmi, ammo uni egasiga uzatishdan avval hunar oʻrgatib kuzat, degan pirmaʼno hikmatni aytib oʻtishgan. Shu sababdan ham momolarimiz gilam, kashta toʻqishni, dastroʻmoldan tortib koʻylagu chopongacha tikishni bilishgan.
Kechagi kungacha, nafaqaga chiqish paytida ayollarimizning 80-85 foiziga “uy bekasi” maqomi berilib, umri davomida biror soati bekor oʻtmagan, 5-6 nafardan farzand tugʻib, tarbiyalaganiniku aytmay ham qoʻyaqolaylik, ammo ularning koʻpchiligi, gilam toʻqib, kigiz bosib, doʻppi tikib, shirin-shakar taomlar pishirib sotib, oilaviy iqtisodiga baholi-qudrat hissa qoʻshib kelgan onalarimizga arzimagan mablagʻ bilan pensiya tayinlanib kelindi.
Toʻgʻri, bugun zamon oʻzgardi, oʻtmish, hatto, bundan 3-4 yil avval bilan bugunni solishtirsak yer bilan osmoncha farq bor.
Prezidentimiz mazkur qarorlari bilan oʻzini oʻzi band qilishdek jamiyatimiz va hayotimizda maqsad va maʼno kasb etuvchi yoʻnalishni, aniqrogʻi, kambagʻallik darajasidan chiqish yoʻlida muhim ahamiyat kasb etuvchi dasturilamalni yaratib berdilar.
Bugun viloyatimizda istiqomat qiluvchi xotin-qizlar soni 420 mingdan ortiq boʻlib, shundan 224 ming 573 nafari mehnatga layoqatli ayollar hisoblanadi. Kichik bir viloyatga bu kattagina bir kuch degan maʼnoni beradi. Xotin-qizlarimiz bandligini taʼminlash maqsadida bandlik bosh boshqarmasi bilan hamkorlikda viloyatda 19 ming 21 nafar xotin-qiz haq toʻlanadigan jamoat ishlariga jalb etilgan holda bandligini taʼminladik. Shuningdek, 1 ming 75 nafar xotin-qiz kasbga qayta tayyorlov qisqa kurslarida oʻqitilib, ayollarimizning 104 nafariga 155 million 687 ming soʻm subsidiya ajratildi va issiqxonalar qurilib, u yerga ekish uchun urugʻ-koʻchatlar ham yetkazib berildi.
Nafaqat ayollar, balki har bir fuqaromizning bandligini taʼminlash maqsadida Boyovut tumanining Istiqlol, Mirzaobod tumanidagi Navbahor va Haqiqat mahallasida mehnat guzarlari tashkil etish rejalashtirilgan boʻlib, bugungi kunda ushbu binolarda soʻnggi taʼmirlash-pardozlash ishlari olib borilmoqda.
Ogʻir turmush sharoitida yashayotgan xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash dasturiga asosan 500 nafar xotin-qizlardan 287 nafarining bandligi taʼminlanib, bu boradagi ishlar viloyatimizning boshqa hududlarida davom etmoqda.
Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi va viloyat hokimligi tomonidan imzolangan “Oʻzhunarmandtaʼlim” loyihasi ijrosi doirasida 224 ta mahalladagi 3 ming 312 nafar ishsiz, 1 ming 817 nafar imkoniyati cheklangan va 3 ming 673 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam taʼminlangan oila bekalari hunar oʻrganishga jalb qilindi. Tadbir davomida 600 nafardan ortiq xotin-qiz “Sen faqat yotib yeyishni bilasan” degan dashnomdan qutilib, ular bilan mehnat shartnomalari tuzildi va bandligi taʼminlandi.
Viloyatda ijtimoiy dasturlar doirasida xotin-qizlar hamda ularning tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash maqsadida 2 ming 227 nafar xotin-qizga 66 milliard soʻmdan ortiq bank kreditlari taqdim etilgan.

Xotin-qizlar tadbirkorlik markazi tomonidan joriy yilning oʻtgan 8 oyi davomida 150 nafar sirdaryolik xotin-qizlar kasbga qayta tayyorlash va malaka oshirish qisqa kurslarida qaytadan oʻqitildi.
Viloyatimiz boʻyicha 3 ming 621 nafar tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanayotgan xotin-qizlarimiz esa 10 ming 885 ta yangi ish oʻrni yaratdi. Ushbu raqamlarni mamlakatimiz miqyosida koʻpaytirsak, bugungi oʻzbek ayoli, oʻzbekistonlik xotin-qizlar mamlakatimiz iqtisodiyotining yuksalishiga, kambagʻallik darajasiga tushib qolgan oilalarimizni bu boqimandalik illati tufayli yuzaga kelgan “botqoq”dan chiqib ketishida naqadar muhim ahamiyat kasb etishni tasavvur qilish qiyin emas.
Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi va viloyat hokimligi tomonidan tasdiqlangan dastur ijrosi doirasida 4 nafar xotin-qiz uy-joy bilan taʼminlandi.
99 nafar xotin-qizning uy-joylari taʼmirlab berildi. 210 nafar xotin-qizga 356 million 680 ming soʻm moddiy yordam, bandligini taʼmnlash maqsadida 92 nafar xotin-qizlarga 131 million soʻmdan ortiq mablagʻ ajratildi.
Mamlakatimizda ayollar va yoshlar bandligini taʼminlashga alohida eʼtibor berayotganligi, ularni har birlari bilan muntazam ishlash maqsadida “Ayollar daftari” joriy etilishi ham xotin-qizlar bandligini taʼminlashda individual yondashuvni talab etadi.
Ayni kunda viloyatimiz boʻyicha 4 ming 525 nafar ishsiz xotin-qizlar “Ayollar daftari”ga kiritilgan. Ularning orasida boquvchisini yoʻqotgan, turmushi buzilgan, yakka-yolgʻiz, oilasida nogironligi bor va hokazo ayollar shu roʻyxatdan joy olgan va ularning 1 ming 631 nafari 30 yoshgacha boʻlgan yoshlar hisoblanadi.
Viloyatda aholining ish bilan bandligiga koʻmaklashish, ularni tadbirkorlikka jalb etish hamda kasb-hunarga oʻqitish orqali ish bilan bandlik darajasini oshirish yuzasidan ishlab chiqilgan “Yoʻl xaritasi”ga asosan yil yakuniga qadar jami 2 ming 870 nafardan ortiq xotin-qiz bandligini taʼminlash boʻyicha aniq chora-tadbirlar koʻriladi.
Jumladan, 500 nafar ogʻir turmush sharoitida yashayotgan xotin-qizlar bandligi taʼminlanadi.
Xotin-qizlarni hayotga motivatsiyalash va kasbga oʻrgatish boʻyicha 11 ta oʻquv kursida 485 nafar xotin-qizlar qisqa muddatli kasb-hunarga oʻqitilib, qayta tayyorlandi. 379 nafar ishlash istagida boʻlgan uy bekalari, shu jumladan, qoʻlida hunari boʻlgan xotin-qizlarni oʻzini oʻzi band qilish orqali bandligini taʼminlash boʻyicha aniq choralar koʻriladi.
Amalga oshirilgan bu ishlar va rejalashtirilayotgan loyihalar – biz uchun soʻnggi manzil emas va bu bilan biz toʻxtab qolmoqchi ham emasmiz. Ishga layoqatli boʻlgan, ammo vaqtincha ishsiz boʻlgan ayollarimizning bandligini toʻliq taʼminlasak, yuragida mehri, koʻzida oʻti bor Sirdaryo ayollarining nimalarga qodir ekanligiga oʻshanda oʻzingiz guvoh boʻlasiz.
Nargiza TOJIBOYEVA,
Sirdaryo viloyati mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash
boshqarmasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari