Xorijdan mahsulot kelishi davom etmoqda
Joriy yilning 16-24-mart kunlari Surxondaryo viloyatiga 5,15 million dollar miqdoridagi import va 6,6 million dollarlik eksport mahsulotlari bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtkazildi.
Joriy yilning 16-24-mart kunlari Surxondaryo viloyatiga 5,15 million dollar miqdoridagi import va 6,6 million dollarlik eksport mahsulotlari bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtkazildi.
Sayyoramizni sarosimaga solayotgan koronavirus infeksiyasi sababli mamlakatimizda karantin joriy etilib, chegara oʻtkazish punktlarida aholi va yoʻlovchi tashuvchi transport vositalarining harakati vaqtincha toʻxtatildi. Lekin, bu cheklovda mahsulotlar eksporti yoki importi toʻxtatilishi nazarda tutilmagan. Loʻnda qilib aytganda, koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish boʻyicha olib borilayotgan choralar tashqi savdo yuklariga taʼsir koʻrsatmaydi. Shu bois ham mamlakatimizda eksport va import amaliyoti odatdagidek tunu kun amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasining vohadagi 4 ta tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti orqali 24 soat davomida mahsulotlarni eksport va importga rasmiylashtiruv jarayoni qizgʻin olib borilmoqda. Xususan, 16-24-mart kunlari viloyatga keltirilgan 5,15 million dollar miqdoridagi mahsulotlar importi va 6,6 million dollarlik tovarlar eksporti bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtkazilgani ham bunga yaqqol dalildir.
Maʼlumotlarga koʻra, yurtimizga keltirilgan mahsulotlarning asosiy qismi guruch, kartoshka, mandarin singari oziq-ovqat va issiqxona asbob-uskunlarini tashkil etgan boʻlsa, xorijga sement, toʻqimachilik, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari va boshqa tovarlar joʻnatilgan.
– Oziq-ovqat mahsulotlari narxi oshib ketishi mumkin, deya xavotirga tushishga hech qanday asos yoʻq, – deydi viloyat hokimligining axborot xizmati rahbari Z.Toʻrayev. – Vohada birlamchi oziq-ovqat mahsulotlarining yetarli zaxirasi yaratilgan. Bozorlarda narx-navo asossiz oshirilishi qatiy nazoratga olingan. Shuningdek, chetdan keltirilayotgan isteʼmol tovarlari, xususan, asosiy oziq-ovqat mahsulotlari importida uzilishlar yoʻqligi ham ichki bozorda narxlar barqarorligini bir maromda saqlab turishda muhim omil boʻlayotir. Faqat sizu bizdan shu sinovli kunlarda yana-da jipslashib, karantin talablariga qatʼiy rioya qilish talab etiladi, xolos.
Ayni kunlarda janubdagi viloyatning qoʻshni davlatlar chegarasidagi bojxona chegara postlarida mamlakatimiz hududiga kirib kelayotgan yuk mashinalari koronavirus infeksiyasiga qarshi dezinfeksiya qilinayotir. Haydovchilar teplovizor orqali tekshirilib, yuk mashinasining davlat raqami, haydovchining ism-sharifi va telefon raqami yozib olinmoqda. Bularning barchasi aholi farovonligini taminlash, mamlakatimizda pandemiya infeksiyasi tarqab ketishining oldini olish yuzasidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar samarasidir.