Xorazmning eksport salohiyati 8 yilda 16 barobarga oshgan
Urganchda Bojxona qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Nodir Musamuxamedov Xorazm viloyatida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.
Mazkur tadbirda viloyatdagi 70 nafardan ortiq tadbirkorlar ishtirok etib, o‘zlarini qiziqtirayotgan masalalar, mavjud muammolar hamda turli taklif va tashabbuslarni ilgari surishdi. Shuningdek, ochiq muloqotga Xorazm viloyati hokimligi, viloyat prokuraturasi hamda tashqi iqtisodiy faoliyat jarayonlari bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan 7 ta vazirlik va idoraning hududiy mas’ullari ham jalb etildi.
– Bugun bunday yuzma-yuz muloqotlar mamlakatimizning barcha hududlarida izchil tashkil etilmoqda. Bu esa tadbirkorlik sub’ektlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini yana bir bor tasdiqlaydi, – dedi qo‘mita raisi o‘rinbosari N.Musamuxamedov.
U Prezidentimiz tomonidan tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan e’tiborni alohida ta’kidlab, quyidagi fikrlarni keltirdi:
“Xorazmda tadbirkorlik harakati orqaga qaytarib bo‘lmaydigan katta kuchga aylandi. Logistika zanjiridan uzoqda, tabiiy resurslari cheklangan bu diyorda kichik va o‘rta biznes jadal rivojlanmoqda”.
Qayd etilganidek, mazkur e’tirof hudud tadbirkorlarining salohiyati, tashabbuskorligi va mehnatiga berilgan yuksak bahodir.
Ochiq muloqot davomida tadbirkorlik faoliyati jarayonida yuzaga kelayotgan mavjud muammolarni o‘rganish va ularni hal etish bilan bir qatorda, tashqi savdo faoliyatini yanada takomillashtirishga qaratilgan taklif va tashabbuslar ham eshitildi.
– Xorazmliklarning mehnatkashligi va tadbirkorlik salohiyati tufayli so‘nggi yillarda viloyat iqtisodiyotida sezilarli o‘zgarishlar kuzatilmoqda, – dedi N.Musamuxamedov. – Xususan, sakkiz yil avval sanoat mahsulotlari eksporti atigi 11 million dollarni tashkil etgan bo‘lsa, bugun ushbu ko‘rsatkich 179 million dollarga yetib, qariyb 16 barobarga oshdi. Mavjud imkoniyatlardan to‘liq foydalanish hisobiga sanoat va meva-sabzavot eksporti hajmini 463 million dollarga yetkazish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmini esa 1,5 barobarga oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar izchil amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda istiqbolli loyihalar va puxta biznes-rejalar ishlab chiqib, iqtisodiy taraqqiyotga munosib hissa qo‘shayotgan tadbirkorlarning o‘rni alohida ahamiyat kasb etadi.
Tadbir davomida viloyatning tashqi iqtisodiy faoliyatini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan hamda yuqori natijalarni qayd etgan bir guruh tadbirkorlar tantanali ravishda taqdirlandi.
Jumladan, "ARTATEX" korxonasi rahbari Nargiza Bekmuratova "Eng yaxshi ayol tadbirkor",
“EUROTEKS” korxonasi rahbari Elyor Dushamov "Eng yaxshi eksportyor", “SILKWAYTEX” korxonasi rahbari Ravshan Turabayev "Bojxona hududida qayta ishlash" rejimidan eng samarali foydalangan tadbirkor hamda “UZXCMG” korxonasi rahbari Alibek Ishchanov "Eng intizomli tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchisi" nominatsiyasi bo‘yicha e’tirof etildi. Shuningdek, "Urganch Bahmal" korxonasi vakolatli iqtisodiy operator maqomini qo‘lga kiritganligi e’lon qilindi. Buni tasdiqlovchi guvohnomani korxona rahbari Umrbek Bekchanov qabul qilib oldi.
[gallery-30248]
Muloqot chog‘ida tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari tomonidan ko‘tarilayotgan dolzarb masalalar muhokama qilinib, tizimda amalga oshirilayotgan islohotlar, tadbirkorlar uchun yaratilayotgan qulayliklar hamda yangi imkoniyatlar yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi.
Shu bilan birga, tadbirkorlar tomonidan bildirilgan takliflar, amaliy faoliyatda uchrayotgan muammo va mavjud masalalar yuzasidan fikr almashilib, ularni hal etishga qaratilgan tegishli vazifalar hamda keyingi amaliy choralar belgilab olindi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov(surat), O‘zA