Xorazmlik yosh kitobxonlar aniqlandi (+video)
Urganch shahridagi yoshlar markazida “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida “Yosh kitobxon” loyihasining viloyat bosqichi yakunlandi.
Unda viloyatning barcha tuman va shaharlarida g‘olib bo‘lgan eng zukko yoshlar navbatdagi marra uchun bahs olib bordi.
Tanlov davomida kitobsevar yoshlar o‘z bilim va salohiyatlarini namoyon etib, eng faol yosh kitobxon nomi uchun bellashdi.
Yoshlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, ularning intellektual salohiyatini oshirish maqsadida Yoshlar ishlari agentligi hamda qator hamkor tashkilotlar tomonidan o‘tkazilgan tanlov natijalari ma’lum qilindi.
[gallery-28863]
Unga ko‘ra, 10–14 yosh toifasida Yangiariq tumanidan Bikajon Niyazmetova, 15–19 yosh toifasida esa Shovot tumanidan Dilnoza Ozodova g‘oliblikka eng munosib nomzodlar sifatida e’tirof etildi.
G‘oliblar tanlovning mamlakat bosqichida ishtirok etish uchun yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
– Bu nafaqat mening, balki meni qo‘llab-quvvatlagan ustozlarim va oilamning ham g‘alabasi deb bilaman, – deydi tanlov g‘olibasi Dilnoza Ozodova. – Raqiblarim ham juda kuchli kitobxonlar edi. Shu sababli har bir shartda bor kuchimni safarbar qilishimga to‘g‘ri keldi. Bolaligimdan uyimizda kitob jovoni doim to‘la bo‘lgan. Ota-onam menga ertak kitoblar sovg‘a qilishni yaxshi ko‘rishardi. Keyinchalik maktab kutubxonasi mening eng sevimli maskanimga aylandi. Hozirgi “Besh tashabbus olimpiadasi” esa biz kabi yoshlar uchun o‘z bilimlarimizni sinab ko‘rishga katta imkoniyat bermoqda.
Tanlov yakunida g‘olib va faol ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/tQMvkxj9Tgw" title="Xorazmlik yosh kitobxonlar aniqlandi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov (surat, video), O‘zA muxbirlari