Xorazmda oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun davlat test imtihonlari boshlandi
Bugun, 14-iyul kuni mamlakatimiz bo‘ylab 2026-2027 o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlariga start berildi. Xorazm viloyatining ikkita hududida, jumladan, Urganch shahridagi “Yoshlik” sport majmuasida hamda Bilim va malakalarni baholash agentligining Xorazm bo‘limi binosida oliy va professional ta’lim muassasalariga kirish test sinovlari bo‘lib o‘tmoqda.
Mazkur ikkita hududda ham test sinovlari jarayonlari tartibli va xavfsiz o‘tishi uchun tegishli idora va muassasalarning malakali xodimlari biriktirilgan bo‘lib, abituriyentlarning kirish-chiqishidagi qulaylik, ularning salomatligi, intizomi va shaxsiy xavfsizligi masalalari nazoratga olingan.
[gallery-30406]
Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universitetiga 2026-2027 o‘quv yili uchun jami 5 ming 931 nafar bakalavr va magistrni o‘qishga qabul qilish rejalashtirilgan. Ayni kunlarda universitet jamoasi o‘ziga biriktirilgan Bilim va malakalarni baholash agentligining Xorazm viloyati bo‘limi hududida o‘tkazilayotgan test sinovlarida faol ishtirok etmoqda. Ular abituriyentlarning imtihonga kirish va chiqishida belgilangan tartibga rioya etilishini ta’minlash, shuningdek, shaxsiy buyumlarini xavfsiz joylarda saqlash ishlariga amaliy ko‘mak bermoqda.
– Imtihon jarayonida ishtirok etayotgan abituriyentlarga qulay sharoit yaratish maqsadida ma’muriyat tomonidan ularning shaxsiy buyumlarini test sinovlari yakuniga qadar vaqtincha saqlash punkti tashkil etildi, – deydi UrDU axborot xizmati rahbari Marhabo Ahmedova. – Mazkur jarayonda institut Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti koordinatorlari va ko‘ngillilari faol ishtirok etib, abituriyentlarga amaliy yordam ko‘rsatmoqda hamda tartibli va qulay muhitni ta’minlashga o‘z hissalarini qo‘shmoqda.
Bugun test sinovlarini muvaffaqiyatli topshirib, talaba bo‘lish har bir abituriyentning oliy maqsadi. Biroq, ular teng raqobat muhitida, emin-erkin tarzda o‘z bilimlarini namoyon etishlari uchun mana shunda qulay sharoit yaratib berish muhimdir.
– Men Shovot tumanidan davlat test imtihonlarini topshirish uchun keldim, – deydi abituriyent Munisa Rajabova. – Kimyo va biologiya yo‘nalishi bo‘yicha testlarni topshirdim. Kelgusida tibbiyot sohasida tahsil olmoqchiman. Ichkarida juda yaxshi sharoitlar yaratilgan. Test jarayonlaridan chalg‘ituvchi birorta holatni sezmadim. Suv va xona harorati me’yorida. Tashkilotchi va nazoratchilar ham xushmuomala ekan. O‘ylaymanki, testni yaxshi topshirdim va omadim kelsa shu yil talaba bo‘laman.
Test jarayonlarida har bir hududda farzandlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida kelgan ota-onalar uchun universitet tomonidan maxsus kutish joylari hamda test sinovlarini bevosita kuzatish imkonini beruvchi monitorlar tashkil etilgan. Ushbu kutish joylari zamonaviy jihozlangan, qulay va salqin muhitda joylashgan bo‘lib, ota-onalar test jarayonini jonli efirda kuzatib bormoqda.
– Men bu yerga o‘g‘lim bilan keldim, – deydi Feruza Rahimova. – O‘g‘lim biologiya va kimyo fanlariga qiziqadi. Hozirda imtihonda test jarayonlarida o‘tiribdi va men uni kutish zaliga o‘rnatilgan katta monitor orqali kuzatyapman. Turmush o‘rtog‘im va oilamizdagilar uyda o‘tirgan holda maxsus platforma orqali kuzatishmoqda. Bu yerda juda yaxshi sharoitlar yaratilgan ekan. Yengil ovqatlanish, suv, choy, qahva va salqin ichimliklar ichish mumkin. Ko‘chada havo harorati juda yuqori. Lekin, bu yerda juda yaxshi mo‘’tadil, salqin sharoit qilingan. O‘g‘lim o‘tirgan zalda ham shunday sharoit ekanligini bilib turibmiz.
Xorazm viloyati hududida oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun test imtihonlari joriy yilning 23-iyul sanasiga qadar davom etadi.
Ahmadjon Shokirov.
Behzod Saidov(surat)
O‘zA muxbirlari