Xo‘jalik daromadi yildan yilga ortmoqda
Jizzax viloyati Baxmal tumani hududining asosiy qismi tog‘lardan iborat bo‘lgani bois, lalmi maydonlardan yuqori hosil olinadi. Iqlimi asosan meva yetishtirish uchun juda qulay.
Shu bois tumanning kattagina qismi bog‘ va uzumzorlardan iborat. Shu bilan birga har bir xonadon tomorqasida mevali daraxtlardan tortib sabzavot, poliz ekinlarigacha parvarishlanadi.
Tumanning mehnatkash fermerlari joriy mavsumda o‘tgan yilgidanda ko‘proq daromad olishni maqsad qilgan.
Ulardan biri, Tongotar qishlog‘idagi “Nursulton Husniddinov” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi o‘tgan yili 11 gektarlik yer maydonida mehnat qilib, 200 million daromad ko‘rgan bo‘lsa, joriy yilda yana bir barobar ko‘p foydani niyat qilgan.
– 11 gektar maydonda asosan sabzavot ekinlari ekkanmiz, - deydi “Nursulton Husniddinov” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi rahbari Husniddin Yo‘lyaxshiyev. – Hozirda 2 gektar yerga “Arizona” navli kartoshka, 2 gektarga sarimsoqpiyoz ekdik. O‘tgan yili 2.30 gektar intensiv bog‘ yaratdik. Nasib qilsa yana 2 yildan keyin hosil olishni boshlaymiz. Ungacha bog‘ qator oralariga sarimsoqpiyoz ekib daromad ko‘rayapmiz. Bundan tashqari “Golshteyn” chorva zotini ko‘paytirishni ham yo‘lga qo‘yganmiz. Dastlab 10 bosh qoramol olib kelgandik, hozirda 22 boshga yetkazdik. Ayni paytda 8 bosh sog‘in sigirimizdan 70-80 litr sut sog‘ib olinmoqda. Shuningdek, daromadimizni yanada ko‘paytirish maqsadida joriy yilda 20 sotixli issiqxona qurdik. Issiqxonada yetishtirilgan bodring va pomidor hosilini ichki bozorga sotishni ham boshlab yuborganmiz.
[gallery-2829]
Tumanda jami 14 ming 385 gektar bog‘-uzumzor mavjud bo‘lib, shundan qator orasiga ekiladigan maydon 6 ming 617 gektarni tashkil etadi. 316 gektar yerda turli xil sabzavotlar, 40 gektarda poliz ekinlari, 3 ming 850 gektarda dukkakli (lalmi no‘xat), 145 gektar moyli ekinlar, 397 gektar ozuqa ekinlar hamda 1 ming 706 gektarda boshoqli don yetishtirilmoqda.
– Prezidentimizning 2020 yil 11 maydagi “Respublika hududlarini qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlar samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda, - deydi “O‘zagroinspeksiya”ning Baxmal tumani bo‘limi katta inspektori Mirmuhsin Murtozov. – Amalga oshirilayotgan ixtisoslashtirish tufayli tuman qishloq xo‘jaligi sohasida jiddiy o‘zgarishlar yuz berdi. Bu avvalo, yetishtirilayotgan mahsulotning avvalgi yillarga qaraganda ko‘payib borayotganida namoyon bo‘lmoqda.
Kelgusida fermer o‘z faoliyatini kengaytirish maqsadida sutni qayta ishlash sexini qurishni rejalashtirgan.
Suratlarda: 1,2,3,4,5,6,7,8,9,10,11-“Nursulton Husniddinov” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligida.
Jamshid YORBEKOV (surat), O‘zA