Xodimlarning mehnat huquqlari muhokamada
Mamlakatimizda inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, xodimlarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish davlat siyosatidagi ustuvor yo‘nalishlardan biri hisoblanadi.
Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan joriy yilning 10 iyunidan 31 iyuliga qadar “Xodimlarning mehnat huquqlari kafolati” mavzusida respublika miqyosida huquqiy targ‘ibot aksiyasi o‘tkazilmoqda. Ushbu tashabbus doirasida Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida huquqiy-ma’rifiy uchrashuv tashkil etildi.

Tadbirda filial rahbariyati, professor-o‘qituvchilar hamda xodimlar qatnashishdi. Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi hamda Nukus shahar Adliya bo‘limi vakillari ishtirok etib, mavzu yuzasidan atroflicha ma’lumotlar taqdim etdilar. Bundan tashqari, ular mehnat shartnomalarini tuzish, o‘zgartirish va bekor qilish tartiblari, xodimlarning ijtimoiy kafolatlari, mehnat nizolarining huquqiy hal etilishi kabi masalalarda amaldagi qonunchilikda belgilangan normalar haqida tushunchalar berishdi.
Tadbir davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan batafsil javob olishdi. Bu esa xodimlarning mehnat huquqlarini yanada chuqurroq anglashlari va o‘z haq-huquqlarini qonuniy yo‘l bilan himoya qilishga bo‘lgan intilishlarini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri