Xizmat ko‘rsatish hajmi yanada oshadi
Buxoro viloyatida 2022 yilda xizmatlar ko‘rsatish hajmini 19,1 trillion so‘mga yetkazib, bir yarim barobarga oshirish ko‘zda tutilgan. Bu borada tuman va shaharlarda maxsus dastur ishlab chiqilgan.
Prezidentimiz tashabbusi asosida bugungi kunda har bir ishni eng pastki bo‘g‘indan boshlash kerakligi, mahallaga tushib “ko‘chabay”, “xonadonbay” ishlash lozimligini inobatga olgan holda xizmatlar sohasini rivojlantirish bo‘yicha dasturlar ishlab chiqishda har bir mahallaning imkoniyati va aholining talabidan kelib chiqib, manzilli loyihalar ro‘yxati shakllantirildi. Dasturlar tuman, shaharlar va viloyat Xalq deputatlari kengashlari tomonidan tasdiqlandi.
Xizmat ko‘rsatish aholi bandligini ta’minlash, yangi ish o‘rinlarini yaratishda asosiy soha hisoblanadi. O‘z navbatida ushbu yo‘nalishda mahallalarda kichik loyihalarni amalga oshirishda ko‘p mablag‘ ham talab etilmaydi. Shundan kelib chiqib dasturlarni shakllantirishda viloyatda 15 ta yo‘nalish asosiy drayver sifatida belgilab olingan. bugungi kunda umumiy qiymati 6,6 trillion so‘mlik 6 ming 823 ta loyihalar mahallalar kesimida manzilli ro‘yxatlari shakllantirilgan.
Mazkur loyihalar va yo‘nalishlar kesimida 2022 yilda jami 48,2 ming ta yangi ish o‘rinlari yaratilishi rejalashtirilgan. Shahar va tumanlar hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari, tegishli soha vakillari hamda eng asosiysi mahallalardagi iqtisodiy kompleks vakillari bo‘lgan hokim yordamchilari orqali loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha manzilli ishlar olib borilmoqda va monitoring tizimi yo‘lga qo‘yilgan.
Bundan tashqari, viloyat qurilish bosh boshqarmasi, viloyat davlat soliq boshqarmasi, davlat kadastrlar palatasi viloyat boshqarmasi, shahar va tumanlar hokimliklari hamda hokim yordamchilari bilan birgalikda mahallalarda biror-bir ob’ekt yoki yer maydonini e’tiborsiz qoldirmasdan, ko‘chama-ko‘cha piyoda yurib, bo‘sh turgan ob’ektlarda xizmat ko‘rsatish loyihalarini amalga oshirish, qurilishi tugallanmagan ob’ektlarda qurilish ishlarini yakunlab, ishga tushirish yoki samarasiz foydalanilayotgan ob’ektlarga nisbatan ta’sirchan soliq mexanizmini qo‘llash, bo‘sh turgan va qishloq xo‘jaligida foydalanilmaydigan yer maydonlarida xizmat ko‘rsatish loyihalarini amalga oshirish maqsadida ularni auksion savdolariga chiqarish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Shuningdek, har bir mahallani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritalar” ishlab chiqilgan. Mazkur “yo‘l xaritalar”da ham xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish dasturida ko‘zda tutilgan topshiriqlar asosiy vazifalardan biri sifatida aks ettirilgan.
Zarif Komilov, O‘zA