Xivaga yanada tez va qulay: “Jaloliddin Manguberdi” elektropoyezdining ikkinchi tarkibi yo‘lga chiqadi
Mamlakatimizda ichki turizmni rivojlantirish va hududlar o‘rtasidagi transport aloqalarini yanada yaxshilash yo‘lida muhim qadamlar tashlanmoqda.
Ayniqsa, tarixiy shaharlarga tezkor va qulay yetib borish imkoniyati kengayishi mahalliy hamda xorijiy sayyohlar uchun yangi imkoniyatlarni yaratmoqda.
22-iyuldan boshlab yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Jaloliddin Manguberdi” elektropoyezdining ikkinchi tarkibi “Toshkent – Xiva – Toshkent” yo‘nalishida muntazam qatnovni boshlaydi.
Yangi jadvalga ko‘ra, poyezd Toshkentdan dushanba, chorshanba va juma kunlari, Xivadan esa seshanba, payshanba va shanba kunlari harakatlanadi.
Poyezd Toshkent Markaziy vokzalidan soat 07:00 da, Xiva vokzalidan esa 07:15 da yo‘lga chiqadi. Yo‘nalish bo‘yicha safar vaqti 7 soat 36 daqiqani tashkil etadi.
Qayd etish lozimki, Koreya Eksimbanki hamkorligida O‘zbekiston uchun 6 ta “Hyundai Rotem” yuqori tezlikdagi elektropoyezdi xarid qilinmoqda.
Hozirga qadar ushbu poyezdlarning 3 tasi O‘zbekistonga olib kelingan. Birinchi tarkib 2026-yil 5-maydan “Toshkent – Xiva – Toshkent” yo‘nalishida yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatib kelayotgan bo‘lsa, endi ikkinchi tarkib ham harakatga qo‘shilib, yo‘lovchilar uchun yanada ko‘proq o‘rin va qulaylik yaratadi.
Zamonaviy elektropoyezdlar harakatga chiqishi nafaqat transport tizimini takomillashtirish, balki Ichan-qal’a kabi betakror tarixiy obidalarga boy Xivaga sayyohlar oqimini yanada oshirish, mamlakatning turistik salohiyatini yuksaltirishga ham xizmat qilishi kutilmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA