Xivada III “Lazgi” xalqaro raqs festivali o‘tkaziladi (+video)
Joriy yilning 25-30-aprel kunlari Xiva shahrida “Lazgi” III xalqaro raqs festivali bo‘lib o‘tadi.
Mazkur nufuzli madaniy tadbirning asosiy maqsadi – “Xorazm lazgi raqsi” san’atining asriy an’analarini asrash va rivojlantirish, shu orqali xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va birodarlik rishtalarini mustahkamlash, shuningdek, xalqaro miqyosda ijodiy hamkorlik va madaniy aloqalarni yanada kengaytirishdan iboratdir.
“Lazgi” xalqaro raqs festivali so‘nggi yillarda keng ko‘lamli madaniy loyihalardan biri sifatida shakllanib bormoqda. Xususan, 2022-yilda Xiva shahrida bo‘lib o‘tgan I “Lazgi” xalqaro raqs festivalida dunyoning 30 ta davlatidan vakillar ishtirok etgan. Unda 175 dan ortiq iste’dodli raqqosalar, professional raqs jamoalari, raqs san’ati ustalari, musiqashunos va san’atshunos olimlar, taniqli san’atkorlar hamda soha mutaxassislari qatnashgan.
2024-yilda o‘tkazilgan II “Lazgi” xalqaro raqs festivali esa yanada keng qamrov kasb etdi. Unda dunyoning 33 davlatidan 200 dan ziyod ishtirokchi – iste’dodli raqqosalar, professional raqs jamoalari, san’at ustalari, musiqashunos va san’atshunos olimlar, taniqli san’atkorlar, yetuk mutaxassislar hamda faxriy mehmonlar ishtirok etdi.
Festival doirasida milliy va zamonaviy raqs san’atining eng yaxshi namunalari namoyish etilib, turli xalqlar o‘rtasida madaniy muloqot va ijodiy almashinuv uchun keng maydon yaratildi.
Ma’lumki, “Lazgi” Xorazm raqs san’atining noyob namunasi bo‘lib, u nafaqat milliy madaniyatning ajralmas qismi, balki dunyo sahnasida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan badiiy meros sifatida e’tirof etilmoqda.
Shu jihatdan, joriy yilda o‘tkaziladigan III “Lazgi” xalqaro raqs festivali ham ushbu an’anani davom ettirgan holda, yanada keng ko‘lamli va mazmunli madaniy tadbir sifatida o‘tishi kutilmoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Uqx2aONrxHc" title="Xivada III “Lazgi” xalqaro raqs festivali o‘tkaziladi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Ahmadjon Shokirov, O‘zA muxbiri