Xiva va Qo‘shko‘pirda sport tadbirlari o‘tkazildi
Shu kunlarda Xorazm viloyatining bir qator tuman va shaharlarida “Besh tashabbus olimpiadasi”, “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” musobaqalarining dastlabki bosqich bahslari, shuningdek, umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” sport sinovlari keng ko‘lamda tashkil etilmoqda.
Xususan, kuni kecha Xiva shahrida "Besh tashabbus olimpiadasi" doirasida sport musobaqalari o‘tkazildi.
Unda sportning tosh ko‘tarish, armrestling, mas-restling, arg‘imchoqda sakrash, arqon tortish, stritbol hamda vorkaut yo‘nalishlari bo‘yicha bellashuvlarning mahalla bosqichi yuqori kayfiyatda tashkil etildi.

Musobaqalarda mahalla yoshlari faol qatnashib, o‘zlarining kuch-g‘ayrati, chaqqonligi va jamoaviy hamkorlikdagi mahoratini namoyish etdi.
Viloyatning Qo‘shko‘pir tumanida ham “Hokim olimpiadasi”ning boks musobaqalari o‘tkazildi.
Musobaqa yosh bokschilar uchun chinakam sport bayrami ko‘rinishini oldi. Yoshlar o‘zaro kuch sinashib, ringda mahorat, tezkorlik va irodasini namoyish etdi.

Musobaqalar yakunida o‘tkazilgan taqdirlash marosimida ishtirok etgan Xorazm viloyati sport boshqarmasi boshlig‘i N. Jumaniyozova hamda Qo‘shko‘pir tumani hokimi Sh. Ahmedov “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” musobaqalarining ahamiyatiga to‘xtalib, mazkur loyiha iqtidorli yoshlarni aniqlash barobarida aholi o‘rtasida sportni ommalashtirish va sog‘lom turmush tarzini qaror toptirishga xizmat qilayotganini ta’kidladi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA