Xitoy poytaxtida Oʻzbekiston mustaqillik kuni keng nishonlandi
Oʻz navbatida, mamlakatimiz tashqi siyosat idorasi rahbari Xitoy tomoni vakillarini joriy yilning 1-oktyabr – XXR tashkil topganining 70 yilligi kuni bilan samimiy qutladi.
Xitoy Xalq Respublikasi poytaxtida xalqimizning yaqinlashib kelayotgan eng ulugʻ va eng qutlugʻ ayyomi – Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 28 yillik bayrami va mamlakatimizning Xitoydagi elchixonasi yangi binosining ochilishiga bagʻishlangan tantanali qabul marosimi boʻlib oʻtdi.
Unda Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri A.Komilov, XXR Davlat kengashi aʼzosi, tashqi ishlar vaziri Van I va Xitoyning 500 nafarga yaqin ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar soha vakillari, Pekinda akkreditatsiyadan oʻtgan diplomatik korpus, xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari, ommaviy axborot vositalari ishtirok etdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yil 24-27-aprel kunlari Xitoyga tashrifi chogʻida mamlakatimizning Pekindagi elchixonasi yangi binosi bilan tanishgan edi. Davlatimiz rahbari bu yerda yaratilgan sharoitni koʻzdan kechirar ekan, bu bino Xitoy tomonining mamlakatimiz bilan hamkorlikka yuksak eʼtibori namunasi ekanini taʼkidladi.
Mamlakatimiz elchixonasi yangi binosining ochilishiga bagʻishlab oʻtkazilgan tantanali marosimda Oʻzbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi davlat madhiyalari yangradi.
A.Komilov mamlakatimizning tashqi faoliyat siyosati ochiq, tenglik, oʻzaro ishonch va doʻstlik tamoyillariga asoslanganini taʼkidladi. Xitoy bilan koʻp qirrali hamkorlikni kengaytirish boʻyicha amaliy harakatlar mamlakatimizning ayni shu qarashlarga sodiq ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.
“Bir makon, bir yoʻl” ikkinchi xalqaro forumi doirasida Prezident Shavkat Mirziyoyev va XXR Raisi Si Szinpin oʻrtasida oʻtgan muloqot mamlakatlarimizning har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etgani qayd etildi.
“Oʻzbek xalq meʼmorchiligi asriy anʼanalari va zamonaviy arxitektura talablari asosida qad rostlagan elchixonamizning yangi binosi Oʻzbekiston bilan Xitoy oʻrtasidagi har tomonlama strategik sheriklikning yuqori darajada ekanligini yana bir bor tasdiqlaydi”, dedi A.Komilov.
Oʻz navbatida, mamlakatimiz tashqi siyosat idorasi rahbari Xitoy tomoni vakillarini joriy yilning 1-oktyabr – XXR tashkil topganining 70 yilligi kuni bilan samimiy qutladi.
Xitoy Davlat kengashi aʼzosi, tashqi ishlar vaziri Van I tabrik soʻzida Xitoy va Oʻzbekiston yaxshi doʻstlar va vaqt sinovidan oʻtgan sheriklar ekanini taʼkidladi.
Van I Oʻzbekistonning Pekin shahridagi elchixonasi yangi binosi davlatlarimiz xalqlarining mustahkamlanib borayotgan doʻstligi ramziga aylanishiga ishonch bildirdi.
Tadbirda oʻzbek milliy sanʼati namoyandalarining ijodiy chiqishlari tashkil etildi, xalq amaliy sanʼati namunalari namoyish etildi, oʻzbek oshxonasining boy va keng turdagi taomlari bilan bezatilgan dastur ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
“Dunyo“AA