Xayriya tadbiri tashkil etildi
O‘zbekiston faxriylarning ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi respublika Boshqaruvi tomonidan “Urush va mehnat faxriylari Respublika pansionati”da “Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun shiori ostida yurtimiz mustaqilligining 32 yillik bayramiga bag‘ishlab xayriya dasturxoni yozildi.
Pansionatda yashab, davolanayotgan faxriylarni holidan xabar olish maqsadida tashkil etilgan mazkur tadbirda “Nuroniy” jamg‘armasi respublika Boshqaruvi raisining o‘rinbosari Shuhrat Umonov, mehnat faxriylari, nuroniylar, keng jamoatchilik va pansionatda istiqomat qilayotgan keksa avlod vakillari ishtirok etishdi.

Tadbirda mamlakatimizda urush va mehnat faxriylariga, keksa avlod vakillariga ko‘rsatilayotgan e’tibor, e’zoz, ularning yashash sharoitlarini yaxshilash va salomatliklarini asrash uchun amalga oshirilayotgan islohotlar o‘z samarasini berayotgani haqida so‘z yuritildi. Shuhrat Umonov bu dargohda yashayotgan keksa avlod vakillariga “Nuroniy” jamg‘armasi respublika Boshqaruvining bayram tabrigini o‘qib eshittirdi.

— Pansionatimiz 1968 yilda ishga tushgan. Bu dargoh 220 kishiga mo‘ljallangan bo‘lib, hozirda 145 nafar yakka-yolg‘iz, o‘zgalar parvarishiga muhtoj, 1- va 2- guruh nogironi bo‘lgan nuroniylarimiz to‘liq davlat ta’minotida yashaydi. Ularga 90 nafar xodimimiz g‘amxo‘rlik qilib, parvarishlashadi, — deydi pansionat direktori Farangiz Akramova.

— O‘zim ona tili va adabiyot o‘qituvchisi bo‘lganman, maktab-internatda ilmiy mudir bo‘lib ishlaganman, — deydi salkam bir asr yashab qo‘ygan, 94 yoshli onaxon Fotima aya Karimova. — Qilgan mehnatlarim zoye ketmadi, davlatimizning yuksak e’tiboridan bahramand bo‘ldim. “Xalq maorifi a’lochisi”man. Bir qator orden-medallar bilan taqdirlanganman. Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga berilgan imtiyozlar menga ham berilgan. Davlatimiz tomonidan yaratilgan shart-sharoit va imkoniyatlardan foydalanib kelmoqdamiz. Bepul dorilar olaman. Bu yerda sharoitlar yaxshi, hamma narsa bor, bisyor. Men davolanishga kelganman. Shifokrlar baraka topishsin, imkoniyat darajasida yaxshi qarashyapti.

Tadbir ishtirokchilari davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rliklar uchun minnatdorlik bildirib, duolar qilishdi.
Mashhur hofiz G‘aybulla Qulahmedovning diltortar qo‘shiqlari xayriya tadbiriga fayz bag‘ishladi.
O‘zA