Xavfsiz va sog‘lom yurt uchun barcha mas’ul
Ichki ishlar vazirligining tegishli farmoyishiga muvofiq, Toshkent viloyatida ham joriy yilning 1-martidan 1-apreliga qadar “Xavfsiz va sog‘lom yurt” keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirining birinchi bosqichi amalga oshirildi.
Unda ichki ishlar organlari hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan jinoyatchilikka qarshi kurashish, aholi xavfsizligini ta’minlash va huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borildi. Jumladan, bir oy davomida Toshkent viloyati IIBB va uning quyi bo‘linmalari tomonidan 3 ming 600 dan ortiq tezkor-qidiruv tadbiri o‘tkazildi.

Ularning natijasida turli yo‘nalishdagi 314 ta jinoyat fosh etildi. Shundan 115 tasi avvalgi yillarda sodir etilgan jinoyatlarga to‘g‘ri keladi. Bu esa ushbu yo‘nalishda tizimli ishlar izchil davom ettirilayotganini ko‘rsatmoqda. Qidiruv tadbirlari davomida sud va tergov organlaridan yashiringan 92 nafar shaxs ushlanib, 97 nafar bedarak yo‘qolgan fuqaro topildi va oilasiga qaytarildi.

Giyohvandlikka qarshi kurashish yo‘nalishida 402 ta holat aniqlanib, tadbirlar davomida 23,6 kilogramm giyohvandlik vositalari hamda 40 ming 244 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari noqonuniy muomaladan olindi. Shuningdek, 17 nafar “zakladchik” ushlanib, 3 ming 708 dona “zakladka” musodara qilindi.

Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish doirasida 282 ta holat aniqlanib, noqonuniy saqlanayotgan qurol-yarog‘lar tegishli tartibda olib qo‘yildi. Xususan, 13 dona ov quroli, 18 dona pnevmatik qurol, 427 dona o‘q-dori hamda 585 dona sovuq qurollar (bita, kastet va turli xil pichoqlar) musodara qilindi.

Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish yo‘nalishida 2 272 ta holat aniqlangan bo‘lsa, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish doirasida 362 ta holat fosh etildi.


Umuman olganda, “Xavfsiz va sog‘lom yurt” tadbirining birinchi bosqichi hududlarda jinoyatchilikni jilovlash hamda aholi xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etdi. Profilaktika va tezkor choralarni samarali qo‘llash jinoyatlarning oldini olishda muhim omil bo‘lib, bu boradagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.
A. Musayev, O‘zA