Xavfli nuqtalar: Amazon (+video)
Tasavvur qiling: 390 milliard daraxt orasida adashib qolish – bir soniyalik ish. Bu yerda daryo suvi ham, oddiy daraxt bargi ham inson hayotiga nuqta qo‘yishi mumkin. Demak, bugun siz bilan birga Janubiy Amerikaning “yashil o‘pkasi” deb ataluvchi sirli Amazon olamiga nazar tashlaymiz.
Amazon shunchaki o‘rmon emas, balki to‘qqiz davlatni qamrab olgan ulkan va murakkab ekotizimdir. Hududning 60 foizi Braziliya hissasiga to‘g‘ri kelsa, qolgan qismi Peru, Kolumbiya, Boliviya kabi mamlakatlar o‘rtasida taqsimlangan. Biologiya xilma-xilligi borasida bu yerga teng keladigan makon yo‘q: 16 ming turdagi daraxt va yer yuzidagi jami o‘rmonlarning qariyb yarmi aynan shu joyda.
Qizig‘i shundaki, “Amazon” atamasi qadim yunon afsonalari bilan bog‘liq. 1541-yil sayyoh Fransisko de Orelyana shu zaminga ilk bor kelganda mahalliy qabila ayollari erkaklar bilan bir safda turib, shafqatsiz jang olib borganiga guvoh bo‘lgan. Bundayin jasorat sayohatchiga afsonaviy jangchi ayollar – Amazonkalarni eslatadi va u hududni ramziy ravishda shunday nomlaydi.
Nima uchun bu yer xavfli?
Birinchidan, yirtqichlarning mutlaq makoni hisoblanadigan bu joyda suvdagi o‘ljasini soniyalar ichida suyakka aylantiradigan piranyalar, elektr baliqlari, quruqlikda esa soya kabi sezilmas harakatlanuvchi mahoratli ovchi yaguarlar hukmronlik qiladi.
Ikkinchidan, Amazonda “ko‘rinmas dushman” juda ko‘p. Masalan, tana a’zolarini bir zumda falaj qilishga qodir mitti zaharli qurbaqalar, kasallik tashuvchi chivinlar yoki halokatli tropik bezgak har qadamda uchraydi.
Uchinchidan, doimiy zulmatga cho‘mgan o‘rmon har qanday odamni vahimaga soladi. Daraxtlar shunchalik zichki, quyosh nuri yer yuzasiga deyarli yetib bormaydi. Hatto, kuchli yomg‘ir yoqqanda ham tomchilar qalin soyabon-daraxtlardan o‘tib, yerga yetib borishi uchun qariyb 10 daqiqa vaqt kerak. Shuni ham ta’kidlash joizki, bu yerda yog‘ingarchilik juda ko‘p kuzatiladi. Ba’zi hududlarda namlik yiliga 9 metrdan oshadi.
Bu mahobatli o‘rmonda 350 dan ortiq etnik guruhga bo‘lingan 30 milliondan ziyod inson istiqomat qiladi. Hayratlanarlisi, 60 ga yaqin qabila hamon tashqi dunyodan butunlay uzilgan holda, ibtidoiy sharoitda yashab kelmoqda. Ular biz bilgan texnologiyalarsiz ham tabiat bilan uyg‘un yashash sirini mukammal o‘zlashtirgan.
Amazon daryosihar soniyada okeanga 200 000 kub/metr chuchuk suv quyadi. Bu dunyodagi jami daryolar suvining qariyb 20 foizi. Shuningdek, o‘simlik va hayvon turlarining 80 foizi dunyoning boshqa hech bir nuqtasida uchramaydi.
Afsuski, keyingi yillarda o‘rmonlarning shafqatsiz kesilishi Braziliya iqtisodiyotiga ishlab chiqarilgan mahsulotdan ko‘ra 7 barobar ko‘p zarar keltirmoqda. Vaholanki, Amazon yer yuzidagi kislorodning 20 foizdan ortig‘ini ishlab chiqaradigan “Yerning o‘pkasi” hisoblanadi.
Xullas, Amazon – tabiatning insoniyatga in’om etgan eng buyuk ne’mati, qolaversa, eng jiddiy ogohlantirishidir. Garchi bu hudud “yashil jahannam” deb atalsa-da, aslida sayyoramizni toza havo bilan ta’minlayotgan asosiy manbadir.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/5I4IJOEuEgI" title="Xavfli nuqtalar: Amazon" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Fardona Yaxshiboyeva, Salim Obidjonov (videomuhandis), O‘zA