Xalqqa eng yaqin maskan: mahalla boshqaruvida yangi davr, yuksak mas’uliyat va ezgu maqsadlar
Bugun mamlakatimizdagi taraqqiyot va yangilanish sur’atlarini kuzatgan har bir yurtdoshimiz yagona bir haqiqatni teran anglab yetmoqda, amalga oshirilayotgan har bir islohot, qabul qilinayotgan har bir farmon va qaror, eng avvalo, odamlarning turmush farovonligini oshirish, ularning kundalik tashvishlarini yengillatishga qaratilgan. Bu bejiz emas. Zero, davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan “Inson qadri uchun” degan ezgu tamoyil shunchaki jozibador shior emas, balki amaliy ishlarning bosh mezoniga aylandi.
Inson qadri, uning quvonchu tashvishi, orzu-intilishlari esa, avvalo, u yashab turgan mahallada namoyon bo‘ladi. Sababi, mahalla – jamiyatimizning ming yillik tarixiga ega bo‘lgan noyob qadriyati, bag‘rikenglik, ahillik va mehr-oqibat maskanidir. O‘tgan haftada Prezidentimiz raisligida mahallalarga yangi muhit olib kirish hamda “mahalla yettiligi” faoliyatini yangicha tashkil qilish bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi ana shu tarixiy maskanni zamonaviy va samarali boshqaruv tizimiga aylantirish yo‘lidagi yana bir ulkan qadam bo‘ldi.
Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, oxirgi yillarda mahalla institutini mustahkamlash, uni haqiqiy mahalliy boshqaruv organlariga aylantirish bo‘yicha misli ko‘rilmagan moliyaviy manbalar ajratilmoqda. Joriy yilning o‘zida infratuzilmani yaxshilash, aholi va tadbirkorlar uchun munosib sharoit yaratish maqsadida tumanlarga o‘rtacha 250 milliard so‘mdan, har bir mahallaga esa 5,5 milliard so‘mdan mablag‘ yo‘naltirilganining o‘ziyoq davlatning bu boradagi yuksak e’tibori va katta ishonchidan dalolat beradi.

Bundan tashqari, tuman hokimlari va mahalla raislarining tushumlar bo‘yicha vakolatlari kengaytirildi. Buning natijasida hududda qoladigan qo‘shimcha daromadlar 2 barobargacha ko‘paydi. Statistik ma’lumotlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, tumanlarda o‘rtacha 22 milliard so‘mdan qo‘shimcha mablag‘ shakllangan bo‘lsa, mahallalarning o‘z byudjetiga o‘rtacha 150-200 million so‘mdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tushdi.
Biroq, o‘rganish va tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, ba’zi joylarda berilgan keng imkoniyatlarga qaramay, loqaydlik va lozim darajada tashkilotchilikning yo‘qligi sababli muammolar o‘z vaqtida hal etilmayapti. Birgina joriy yilning o‘zida Xalq qabulxonalari orqali 87 ta mahallaning har biridan 200 dan ortiq murojaat tushgani mahalliy rahbarlarning o‘z vazifasiga qanchalik yuzaki yondashayotganidan dalolatdir.
Shuningdek, “Tashabbusli byudjet” dasturi doirasida ajratilgan 7,5 trillion so‘mlik ulkan mablag‘ga qaramay, 2 ming 136 ta mahallada birorta ham loyiha g‘olib chiqmagani, kichik loyihalar uchun banklar tomonidan 6 oyda 18,5 trillion so‘m resurslar evaziga 110 mingta mikroloyiha ishga tushirilib, 259 ming kishi ish bilan ta’minlangan bir paytda, 47 ta mahallada bor-yo‘g‘i 2 tadangina loyiha amalga oshirilgani qattiq tanqid qilindi.
Prezidentimiz tomonidan yaqinda imzolangan “Mahalla boshqaruvini samarali tashkil etishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmon mahalla boshqaruvini tubdan isloh qilish va uni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi. Unga ko‘ra, endilikda mahalla raisi shunchaki shu hududdagi ijtimoiy muammolarni qayd etib o‘tiruvchi kuzatuvchi emas, balki o‘z hududining haqiqiy “iqtisodiy buyurtmachisi” va mutlaq boshqaruvchisiga aylanadi.
Yangi tizimga ko‘ra, mahalla raislari o‘z hududining haqiqiy boshqaruvchisi sifatida ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etish bo‘yicha loyihalar shakllantirib, tegishli idoralarga vazifa qo‘yish, xususiy infratuzilma ob’ektlari uchun bo‘sh yerlarni bevosita auksionga chiqarish, “mahalla yettiligi” xodimlarining ish rejalarini tasdiqlab, ular ijrosini talab qilish kabi keng vakolatlarga ega bo‘lmoqda. Shuningdek, aholi daromadi va hudud obodonchiligiga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash uchun jami 240 milliard so‘mlik manba hisobidan har bir loyihaga 10 million so‘mdan grant berilishi belgilanmoqda.

Shu bilan birga, “mahalla yettiligi” faoliyatini tizimli va ilmiy asosda tashkil etish, ularning malakasini oshirish va muammolarga zamonaviy yechimlar topish maqsadida Mahallani rivojlantirish milliy instituti tashkil etilmoqda. Bu institut “yettilik” xodimlari uchun haqiqiy mahorat va bilim maktabiga aylanadi.
Joylarda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi daromadlarini oshirishda mahalla bankirlarining o‘rni va ish uslubi tubdan o‘zgartirilmoqda. Endilikda bir mahalla bankiriga ko‘pi bilan 3 ta mahalla biriktiriladi. Ular shunchaki kredit ajratib o‘tirmasdan, hududning “o‘sish nuqtasi”ni aniqlaydi, tadbirkorlarni topib, daromadli loyihalarni ko‘paytiradi.
Mahalla bankiri hududdagi tadbirkorlar bilan muloqot qilib, bo‘sh ish o‘rinlari va kasblarga bo‘lgan ehtiyojni aniqlaydi, so‘ng bandlik bo‘limlariga buyurtma berib, ishsizlarni shu yo‘nalishda o‘qitadi va kafolatli ishga joylashtiradi. Ayniqsa, oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash uchun ajratilgan qo‘shimcha 2 trillion so‘mlik imtiyozli resurs hamda “og‘ir” mahallalar uchun kredit stavkasining 17,5 foizdan 12 foizga tushirilgani aholining tadbirkorlik tashabbuslarini ro‘yobga chiqarishda katta imkoniyatdir.
Shuningdek, mahallalarning moliyaviy mustaqilligini ta’minlash maqsadida noturar ob’ektlardan tushadigan yer va mulk solig‘ining 5 foizi bevosita mahallaning o‘ziga ajratilib, ularning tasarrufida yiliga qo‘shimcha 400 milliard so‘m mablag‘ qoldiriladi. Tadbirkorlik va bandlikni ta’minlashda eng yuqori ko‘rsatkichlarga erishgan 200 ta mahalla 2 milliard so‘mdan mukofotlanishi evaziga mahallalar byudjeti tushumini joriy yilda 1 trillion 600 milliard so‘mga, kelgusi yildan esa 2 trillion so‘mga yetkazish ko‘zda tutilmoqda.
Umuman olganda, mazkur islohotlar oddiy insonlar hayotida, eng avvalo, kundalik muammolarning yuqori idoralarga sarson bo‘lmay, aynan o‘z mahallasida tez va manzilli hal etilishida namoyon bo‘ladi. Oilaviy tadbirkorlik uchun imtiyozli kreditlar va kasbga o‘qitish tizimining uy bo‘sag‘asigacha kirib kelishi ishsiz yurgan fuqarolar, ayniqsa, xotin-qizlar va yoshlarga barqaror daromad manbaini yaratib beradi.
Shu bilan birga, mahalla byudjetining mustahkamlanishi va “Tashabbusli byudjet” imkoniyatlari hisobiga yo‘llar, suv va elektr tarmoqlari, bog‘cha va sport maydonchalari kabi infratuzilma masalalari to‘g‘ridan-to‘g‘ri aholining xohishi asosida obod qilinadi. Eng muhimi, ijtimoiy yordamlar va davlat xizmatlarining shaffof tarzda mahallaning o‘zida ko‘rsatilishi byurokratiyani kamaytirib, fuqarolarda davlatga va ertangi kunga bo‘lgan ishonchni yanada mustahkamlaydi.
Berilayotgan bunday katta resurs va ishonchga javoban har bir mahalliy rahbardan yuksak mas’uliyat va fidoyilik talab etiladi, chunki amalga oshirilayotgan barcha islohotlarning pirovard natijasi va odamlarning roziligi, eng avvalo, mahalladagi o‘zgarishlarda o‘z aksini topadi.
Muharram DADAXO‘JAEVA,
Yunusobod tumanidagi 50-oilaviy poliklinika mudiri,
“Adolat” SDP Toshkent shahar Kengashi raisi.
O‘zA