Xalqimizning donoligi – xaloskor
Tojdor ofat esa hech narsa bilan hisoblashmadi – “Hayoting shirinmi, uyingda oʻtir!” demoqda. Vassalom!
“Oʻzingga ravo koʻrmaganni oʻzgaga ham ravo koʻrma” degan mashhur hadisi sharif kun tartibiga chiqqan onlarni boshdan kechirmoqda insoniyat. Odatda odamlar tevarak-atrofidagilar, oʻzaro muloqotga kirishadigan yor-birodarlar, hamkasblar haqida qaygʻuradilar. Bu – tabiiy, chunki bevosita atrofimizdagi kayfiyat sizga ham taʼsir koʻrsatmay qolmaydi.
Qoʻshning tinch – sen tinch, degan naql ham shu maʼnoda anchagina chuqur maʼnoga ega. Biroq oʻtgan yilning oxirlaridan Xitoyning Uxan shahridan tarqay boshlagan ovozalar avvaliga koʻpchilikning eʼtiborini tortmagan boʻlishi mumkin, lekin, mana, joriy yilning bahoriga kelib uni eshitmagan, u haqda maʼlumotga ega boʻlmagan inson qolmadi hisob yer yuzida.
Globallashuv haqida ozmuncha maqolalar yozildimi, katta-kichik anjumanlar tashkil etildimi, muammolar oʻrtaga tashlandimi, biroq qandaydir kasallik ahli bashariyatga yoppasiga tajovuz qilishi ehtimoli hech bir dono insonning xayoliga kelmagandi. Koʻzga koʻrinmas zarra ofati dunyoni qamrab oldi – globallashdi!
Yovuz va shafqatsiz xastalik asoratlarini kamaytirish borasida koʻrilayotgan choralar har qancha tahsinga sazovor albatta. Ammo yana-da muhimi, mutaxassis olimlarning mutlaqo yangi kashfiyotiga qarab qoldi odamzod, desak mubolagʻa boʻlmas. Bu boradagi qarashlar, taxminu farazlar turlicha. Kimdir zamonaviy ilm-fan hozircha bu kasallik oldida ojiz desa, kimdir davo chorasi topiladi, faqat buning uchun vaqt kerak demoqda. Turli yuqumli kasallikni boshdan kechirgan davlatlarda bu borada muayyan tajriba toʻplangan, binobarin hozirgi ofatga qarshi kurashish tajribasida gap koʻpligi taʼkidlanmoqda ham.
Inson hayotiga zomin boʻladigan ofatga chek qoʻyishga doir har qanday izlanishlarni qoʻllab-quvvatlagan holda ayni paytda real chora sifatida ikki omil tavsiya etilmoqda. Bular: oila davrasida boʻlish va shaxsiy gigiyena!
Ochigʻini aytganda, har bir oila vakillari astoydil mulohaza qilib koʻrsinlar: yaqin-orada oila aʼzolaringiz hozirgidek jamuljam boʻlib yigʻilib oʻtirishganmidi?.. Bilmadim, bu savolga qancha oila ijobiy natija ayta oladi, lekin bir narsa haqiqatki, shiddatli zamon urinishlari bizning xalqimizni ham dunyo boʻylab “sochilib” yashashga koʻniktirib ulgurdi. Oʻzbekning, oʻzbekistonlikning qadami yetmagan maskan-manzil qolmadi hisob kurrai zaminda. Har kim har joydan tuz nasibasini terib yuribdi. Va “Ha, mening vaqtim bemalol” degan odam yoʻq. Hayot ekan, yaxshi-yomon kunlarda ummon ortidan ham nari borsa bir haftani moʻljallab kelishadi. Bolalik kezlarimiz qoʻshnilar chiqib qolib, uylariga oshiqsalar, onalarimiz: “Namuncha, olovga chiqqanmisiz?” deb qoʻyishardi. Hozir Magʻribu Mashriqdan olovga kelganday kelishadi-yu, diydorlar toʻyib ulgurmay qaytish chiptasini roʻkach qilishadi!..
Tojdor ofat esa hech narsa bilan hisoblashmadi – “Hayoting shirinmi, uyingda oʻtir!” demoqda. Vassalom!
Xalqimiz azal-azaldan jamuljam boʻlib yashashga moyil xalq. Ayriliq, sogʻinch azoblariga u qadar bardoshli ham emas. Xususan, oilalarimiz boshpanamizga aylanib turgan ayni kunlarda yaqin tugʻishganlar davrasida boʻlish gʻanimat damlar ekanligini, undan gʻoyatda unumli foydalanmogʻimiz darkorligini oʻylab koʻrmogʻimiz kerak boʻlmoqda.
Xonanishinlikni hamma birdek boshdan kechirmasligi ham tabiiy. Men bu oʻrinda kim nima yumush bilan band boʻlishi zarurligini aytishdan tiyilaman albatta. Lekin har oilada oʻziga yarasha roʻzgʻor yumushlari qator-qator saf tortib turgan boʻlishi sir emas. Oilaviy gurunglar sururi boshqa hech joydan topilmaydi. Dasturxon tegrasida suhbatlar jozibasi tansiqligini aytmaysizmi! Chunonchi, farzandlar, nevaralar davrasida shaxsiy ozodalik, yaʼni gigiyena mavzusida tajriba almashish faqat bugun uchun emas, bir umrga tatigulik ahamiyatga ega. Sogʻlom yashash madaniyatining ibtidosi shaxsiy gigiyenadan boshlanadi axir. Har bir kishining ozodaligi oilaning ozodaligi va sogʻlomligi, qolaversa, xalqning, millatning, mamlakatning ozodaligi demakdir.
Bir soʻz bilan aytganda, xalqimiz favqulodda sinov onlarini boshdan oʻtkazmoqda. Parvardigorning rahm-shafqati adoqsiz, bani basharni turfa baloi ofatlardan Oʻzi asrasin. Vatandoshlarimiz esa oʻz tiynatidagi aql-idrok hamda rahm-shafqat, mehr-oqibat, sadoqat tuygʻulari bilan ilohiy inoyatga oʻz hozirligini, shayligini – donoligini izhor etsin.
Xurshid Doʻstmuhammad,
yozuvchi