Xalqchil davlat xizmatiga ochiq yo‘l
FOTOREPORTAJ
Respublika ishchi guruhi a’zolari Namangan muhandislik-texnologiya instituti bitiruvchi yoshlari bilan “Xalqchil davlat xizmatiga ochiq yo‘l” mavzusida ochiq muloqot o‘tkazdi.
Davlatobod tumanidagi viloyat Madaniyat markazida o‘tkazilgan ochiq muloqot Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Namangan viloyati filiali tashabbusi bilan, yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etishda “Namangan shahar” tajribasini amalga oshirish bo‘yicha Respublika ishchi guruhi hamkorligida yoshlarga davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida tushunchalar berish, ularda davlat xizmatiga qiziqishni oshirish, shuningdek, talabalarning fikr-mulohaza va takliflarini o‘rganish maqsadida tashkil etildi.
Muloqot avvalida, mehmonlar institut magistrlari va talabalari tomonidan olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlariga bag‘ishlangan ko‘rgazma bilan tanishib, tadqiqotlar natijalarini yuqori baholadi.
[gallery-9727]
Tadbirni NamMTI rektori O. Mamatkarimov kirish so‘zi bilan ochib, bugungi kunda institutda yoshlar bilan ishlash tizimida olib borilayotgan ishlar ko‘lami haqida atroflicha ma’lumot berdi. Shundan so‘ng, mehmonlar talabalarga o‘zlarining tahsil davri, izlanishlari va mehnat faoliyati haqida so‘zlab berdi. Shu bilan birga, maqsadga erishish mezonlari, qaror qabul qilishdagi muhim jihatlar xususida qimmatli mushohada va mulohazalar bildirdi.
Ochiq muloqot davomida talabalar tomonidan ta’lim sifatini oshirish, xorijiy tillarni o‘zlashtirish tizimini optimallashtirish, ilmiy-tadqiqot ishlari samarasini keng ommalashtirish, ish bilan ta’minlash yo‘nalishlariga qaratilgan muhim taklif va tashabbuslar ishchi guruhga bildirildi. Aksariyat masalalar ishchi guruhi a’zolari tomonidan shu joyning o‘zida ijobiy hal etildi. Yana ko‘plab masalalarni yechish bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar berildi.
Tadbirda bir guruh faol talabalar rag‘batlantirildi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA