Xalqaro valyuta jamg‘armasi O‘zbekistondagi iqtisodiy islohotlarga yuqori baho berdi
Poytaxtimizda Xalqaro valyuta jamg‘armasi va Jahon bankining “Shveysariya guruhi” navbatdagi yig‘ilishi doirasida O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi hamda Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) rahbariyati o‘rtasida muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan makroiqtisodiy islohotlar va kelgusidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Uchrashuvda O‘zbekiston tomonidan Bosh vazir o‘rinbosari – iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov hamda Markaziy bank raisi Timur Ishmetov ishtirok etdi. Xalqaro valyuta jamg‘armasi tomonidan esa tashkilotning yuqori martabali vakili Bo Li qatnashdi.
Muloqot davomida mamlakat iqtisodiyotining bugungi holati, makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, pul-kredit va fiskal siyosatni o‘zaro muvofiqlashtirish, davlat ishtirokidagi korxonalar hamda bank tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarning borishi atroflicha muhokama qilindi.
O‘zbekiston tomoni inflyatsiyani pasaytirish, yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlarini saqlab qolish hamda xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan tarkibiy islohotlar yuzasidan ma’lumot berdi. Xususan, bank sektorida davlat ulushini qisqartirish, xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirish va davlat banklarini transformatsiya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga alohida e’tibor qaratildi.

Xalqaro valyuta jamg‘armasi vakillari O‘zbekistonda olib borilayotgan iqtisodiy islohotlar va makroiqtisodiy siyosatni ijobiy baholab, barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlashda pul-kredit va fiskal siyosat o‘rtasidagi mutanosiblikni saqlash, soliq islohotlarini izchil davom ettirish hamda davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilish muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston va Xalqaro valyuta jamg‘armasi o‘rtasidagi konstruktiv hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyor ekanliklarini bildirdi. Jumladan, makroiqtisodiy siyosat, soliq ma’murchiligi, pul-kredit siyosati, moliyaviy barqarorlikni ta’minlash hamda davlat institutlari salohiyatini oshirish yo‘nalishlarida texnik ko‘mak va tajriba almashinuvini davom ettirishga kelishib olindi.

Bunday muloqotlar mamlakatda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarning samaradorligini oshirish, xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash va barqaror iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA