Xalqaro turnirda dzyudochilarimiz umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi
Qozog‘istonning Toldiqo‘rg‘on shahrida 23 yoshgacha bo‘lgan dzyudochilar o‘rtasida o‘tkazilgan an’anaviy xalqaro xotira turnirida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari 24 ta medalni qo‘lga kiritdi.
Dunyoning 21 davlatidan 531 nafar mahoratli dzyudochi ishtirok etgan shiddatli bellashuvlar yakunida iste’dodli dzyudochi yoshlarimiz Sa’dulla Ravshanov (-81 kg), Diyorbek Fayzullayev (-90 kg), Fazliddin Rafiqov (+100 kg), Zarina Jamalova (-48 kg), Nigina Umirzoqova (-52 kg), Mohinur Allaberganova (-57 kg), Gulbahor Imomnazarova (-63 kg), Nigina Saparbayeva (-63 kg) va Zarina Bobonazarova (+78 kg) oltin medallarga ega chiqishi ortidan Toldiqo‘rg‘on sport majmuasida ularning g‘alabasi sharafiga O‘zbekiston madhiyasi yangradi.


Xalqaro turnir yakuniga ko‘ra, 9 ta oltin, 8 ta kumush, 7 ta bronza, jami 24 ta medalga egalik qilgan O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi umumjamoa hisobida 1-o‘rinni egalladi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA