Xalqaro turnir g‘oliblari taqdirlandi
Andijon shahridagi universal sport majmuasida bir necha kun davom etgan karate va parakarate (WKF) bo‘yicha “Uzbekistan open” xalqaro turniri yakuniga yetdi.
O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, Milliy paralimpiya qo‘mitasi, Andijon viloyati hokimligi hamda O‘zbekiston karate (WKF) assotsiatsiyasi hamkorligida yoshlar, o‘smirlar va kattalar o‘rtasida o‘tkazilgan xalqaro turnirda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston Respublikalaridan 350 nafarga yaqin sportchi ishtirok etdi.
Musobaqalarda 14-15, 16-17 va 18 dan katta yoshdagi ishtirokchilar turli yosh toifalarida g‘oliblik uchun bahs olib bordi.
– Xalqaro turnir sportchilarning imkoniyat va mahoratlarini sinovdan o‘tkazdi, – deydi Andijon viloyati karate (WKF) assotsiatsiyasi raisi Doniyorbek Xolmatov. – Barcha yosh toifalari bo‘yicha qiziqarli va murosasiz bahslar asosida o‘tgan musobaqalarda eng kuchli va mahoratli sportchilar g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
[gallery-23078]
Musobaqalarni O‘zbekiston karate (WKF) assotsiatsiyasi shef-referisi Azizbek Bo‘riyev boshchiligidagi yurtimiz hamda qo‘shni respublikalardan kelgan xalqaro toifadagi tajribali hakamlar boshqarib bordi.
– Turnirning 16-17 yoshli ishtirokchilari o‘rtasida 48 kilogrammgacha vazn toifasidagi qizlar bahsida qirg‘izistonlik raqibamni mag‘lub etib, uchinchi o‘ringa sazovor bo‘ldim, – deydi Andijon shahridagi 3- umumta’lim maktabi o‘quvchisi Mohlaroyim Mahmudova. – Chiroyli, qiziqarli o‘tgan turnir biz yoshlar uchun sinov va mahorat maktabi bo‘ldi.
Turnir yakunida barcha yosh toifalari bo‘yicha g‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan tegishli medal, diplom va pul mukofotlari bilan taqdirlandi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari