Xalqaro tibbiyot anjumani
Buxoroda “Bolalar jarrohligi, anesteziologiya va reanimatsiyaning innovatsion texnologiyalari” mavzusida xalqaro anjuman o‘tkazildi.
Anjumanda Rossiya, Tojikiston, Qozog‘iston davlatlaridan olimlar, respublikamizning barcha viloyatlaridan ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi bosh vrachlari, anesteziolog reanimatologlar, bolalar jarrohlari qatnashdi.
Tadbir Ab-u Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti, viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi, Respublika bolalar kam invaziv va endoskopik xirurgiya ilmiy-amaliy markazi hamkorligida o‘tkazildi.
Biliar atreziya (BA) – jigar ichi hamda jigardan tashqari o‘t yo‘llarining obstruktiv fibrozli o‘zgarishi sababli kelib chiqadigan, rivojlanib boruvchi xolangiopatiya hisoblanadi. Erta neonatal davrida xolestatik sindrom bilan namoyon bo‘luvchi va kechiktirib bo‘lmaydigan jarrohlik amaliyotini talab qiladigan kasallikdir.
Kasallikning kelib chiqish sabablari va rivojlanish mexanizmi to‘g‘risida hozirgacha aniq bir xulosaga kelinmagan. Hozirgi kunda BA kelib chiqishida quyidagi nazariyalar tafovut etilmoqda. Mutaxassislar tomonidan virusli, autoimmun, genetik, toksik va tug‘ma rivojlanish nuqsonlari kabi nazariyalar ilgari surilib, har tomonlama ilmiy izlanishlar olib borilgan bo‘lsa-da, ular hozirgi vaqtgacha ziddiyatli bo‘lib qolmoqda.
So‘nggi yillarda ko‘plab olimlar tomonidan serologik reaksiyalar, hozirgi vaqtda PZR lardan foydalanish BA kelib chiqishida viruslar roli ko‘p ekanligi to‘g‘risidagi fikrlarni ilgari surishga asos bo‘lmoqda. Kasallikning kelib chiqishida virusli nazariyani qo‘llab-quvvatlovchi olimlar uch xil virus– SMV, rotavirus va reoviruslarni ko‘zg‘atuvchi omil sifatida ko‘rishadi. Biroq bu nazariyalar haligacha bir qancha ziddiyatlarga ega. Hozirgi vaqtda kasallikning kelib chiqishi va rivojlanishida immun omillarning rolini o‘rganish borasida izlanishlar olib borilmoqda.
[gallery-17046]
Xalqaro anjuman doirasida Rossiya federatsiyasi bosh bolalar jarrohi, Rossiya bolalar jarrohlari assotsiatsiyasi prezidenti, Rossiya fanlar akademiyasi korrespondent a’zosi, professor A.Yu.Razumovskiy, FGBU RNSRR direktor o‘rinbosari professor A.Yu.Pavlov o‘zlarining ma’ruzalari bilan qatnashdi. Shuningdek, viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida master klass operatsiyalari amalga oshirildi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat),
O‘zA muxbirlari