Xalqaro tibbiy ta’limning yana bir tarixiy sahifasi
Mamlakatimizda Prezident tashabbusi bilan oliy ta’lim tizimini xalqaro standartlar asosida rivojlantirish, dunyoning nufuzli universitetlari bilan hamkorlikni kengaytirish hamda raqobatbardosh tibbiyot kadrlarini tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ana shu ezgu islohotlar samarasi sifatida Buxoro davlat tibbiyot institutida Turkiya Respublikasining Sog‘liq bilimlari universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilgan Turkiya tibbiyot fakulteti bugun nafaqat mamlakatimiz, balki mintaqadagi eng istiqbolli xalqaro ta’lim loyihalaridan biriga aylandi.
Mazkur fakultetning bitiruvchilariga diplom topshirish tantanasi bugungi islohotlarning amaliy natijasi, O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi mustahkam do‘stlik hamda strategik hamkorlikning yana bir yorqin ifodasi bo‘ldi.
Turkiya tibbiyot fakultetida 2018-yil 22-noyabrda imzolangan anglashuv memorandumi va 2019-yil 16-oktabrda tasdiqlangan hamkorlik shartnomasi asosida tashkil etilgan. 2019–2020 o‘quv yilidan boshlab “davolash ishi”, “oliy hamshiralik ishi (anesteziologiya)”, “shoshilinch tibbiy yordam” hamda “fizioterapiya” ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv jarayoni yo‘lga qo‘yildi. 2025–2026 o‘quv yilidan esa zamonaviy tibbiyotning eng talabgir sohalaridan biri bo‘lgan “stomatologiya” yo‘nalishi ham ochildi.

Bugun fakultet nafaqat xalqaro ta’lim dasturlarini joriy etayotgan, balki ikki davlatning ilmiy salohiyati, tajribasi va zamonaviy tibbiy yondashuvlarini o‘zida mujassam etgan nufuzli ta’lim maskani sifatida e’tirof etilmoqda.
Diplom topshirish marosimida Turkiya Respublikasi Sog‘liq bilimlari universiteti rektori, professor Kamoliddin Aydin, Buxoro davlat tibbiyot instituti rektori Shuhrat Teshayev, Buxoro viloyatidagi oliy ta’lim muassasalari rektorlari, professor-o‘qituvchilar, bitiruvchilarning ota-onalari, ommaviy axborot vositalari vakillari hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi.
Tadbirda so‘z olgan mutasaddilar keyingi yillarda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida ta’lim sohasidagi hamkorlik mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarilganini alohida ta’kidladilar. Qayd etilganidek, ushbu fakultet faoliyati ikki mamlakatning o‘zaro ishonchi, ilm-fan va innovatsiyalarga tayangan taraqqiyot strategiyasining amaliy samarasidir.
Shuningdek, bitiruvchilarga tibbiyot sohasida nafaqat chuqur bilim va yuksak malaka, balki inson hayoti uchun mas’uliyat, mehr-oqibat, halollik va fidoyilik kabi yuksak fazilatlar hamisha ustuvor bo‘lishi lozimligi ta’kidlandi. Ularga aholi salomatligini muhofaza qilish, sog‘liqni saqlash tizimini yanada rivojlantirish va mamlakat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shish yo‘lida ulkan muvaffaqiyatlar tilab qolindi.

Marosimning eng hayajonli lahzalarida fakultetni muvaffaqiyatli tamomlagan qariyb 200 nafar bitiruvchiga diplomlar tantanali ravishda topshirildi. Bu nafaqat yosh shifokorlar hayotidagi unutilmas kun, balki ularning orzu-maqsadlari ro‘yobga chiqqan, mas’uliyatli kasbiy faoliyatga qadam qo‘ygan muhim tarixiy palla sifatida muhrlandi.
Eng muhimi, bugun Buxoroda tayyorlanayotgan shifokorlar xalqaro standartlar asosida bilim olgan, zamonaviy tibbiy texnologiyalarni puxta o‘zlashtirgan va kelajakda nafaqat mamlakatimiz, balki xalqaro miqyosda ham raqobatlasha oladigan kadrlar sifatida maydonga chiqmoqda.
Turkiya tibbiyot fakultetining bitiruvchilariga diplomlar topshirilishi Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ta’lim islohotlarining, Prezident tashabbusi bilan xalqaro hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan siyosatning yana bir muhim natijasi bo‘lib, mamlakatimiz tibbiy ta’limi taraqqiyotida yangi bosqichni boshlab bergan tarixiy voqea sifatida e’tirof etildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri