Xalqaro reyting va indekslarda O‘zbekistonning o‘rni qanday?
Senatda Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash bo‘yicha respublika kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Senat Raisi, Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash bo‘yicha respublika kengashi raisi Tanzila Norboyeva boshqargan yig‘ilishda mamlakatimizda olib borilgan islohotlar natijasida qator xalqaro reyting va indekslarda O‘zbekistonning o‘rni yaxshilangani ta’kidlandi.

Xususan, o‘tgan yilda ustuvor etib belgilangan 20 reytingning 12 tasida O‘zbekistonning o‘rni yaxshilandi. Jumladan, “Moodyʼs” xalqaro reyting agentliklari tomonidan O‘zbekistonning suveren kredit reyting kutilmasi ilk bor “barqaror”dan “ijobiy”ga oshirildi. Elektron hukumatni rivojlantirish reytingida O‘zbekiston 193 davlat orasida 63-o‘rinni egallab, 6 pog‘onaga yuqoriladi.
O‘zbekiston yutuqlari ilk marotaba Jahon bankining yangi “Business Ready” reytingida e’tirof etildi. Jumladan, mamlakatimiz uchta indikator bo‘yicha izchil islohotlarni amalga oshirgan 29 mamlakat qatoriga kiritilib, “Amaliyotning osonligi” yo‘nalishi bo‘yicha 1-guruhda “top-10”talikdan joy oldi.
Majlisda O‘zbekiston Respublikasining ustuvor xalqaro reyting va indekslardagi o‘rni yaxshilanishi to‘g‘risidagi ikkinchi milliy ma’ruza loyihasi ko‘rib chiqilib, qator tavsiyalar berildi. Jumladan, ustuvor xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash samaradorligini oshirish, pasayish kuzatilgan va o‘zgarishsiz qolayotgan xalqaro reytinglar va ularning tarkibiy indikatorlaridan kelib chiqib islohotlarni jadallashtirish zarurligi qayd etildi.

2025-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining ustuvor xalqaro reyting va indekslardagi o‘rnini yaxshilashga qaratilgan amaliy chora-tadbirlar dasturlarining ijrosi masalasi muhokama markazida bo‘ldi.
Majlisda O‘zbekiston uchun ustuvor bo‘lgan xalqaro reytinglarda mamlakatimiz o‘rnini yaxshilash bo‘yicha 2026-yilga mo‘ljallangan amaliy chora-tadbirlar dasturlari (“yo‘l xaritasi”) hamda ilmiy tashkilotlarning ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha yillik rejalari loyihalari ham ko‘rib chiqilib, Respublika kengashining tegishli qarori qabul qilindi.
N.Abduraimova, O‘zA