Xalqaro moliya institutlari ishtirokidagi loyihalar: suv ta’minotida qanday natijalarga erishilmoqda?
“O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati axborot xizmati rahbari Akmal Murodov ishtirokida o‘tkazilgan brifingda ichimlik suvi va oqova suv tizimlarini qurish hamda rekonstruksiya qilish bo‘yicha xalqaro moliya institutlari ishtirokida amalga oshirilayotgan loyihalar natijalari, o‘zlashtirilgan mablag‘lar va istiqboldagi rejalar haqida ma’lumot berildi.
Aholini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash, oqova suv xizmatlari qamrovini kengaytirish sohadagi islohotlarning muhim yo‘nalishlaridan biridir. Bu borada xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikni kengaytirish, imtiyozli kredit va grant mablag‘laridan samarali foydalanishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ta’kidlanishicha, bugungi kunda Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilma investitsiyalar banki, Islom taraqqiyot banki, Fransiya taraqqiyot agentligi, Saudiya taraqqiyot jamg‘armasi, OPEK jamg‘armasi hamda boshqa xalqaro hamkorlar bilan loyihalar amalga oshirilmoqda.
Agar mustaqillikning dastlabki 25 yilida sohaga qariyb 800 million dollar jalb etilgan bo‘lsa, so‘nggi o‘n yilda bu ko‘rsatkich 2,6 milliard dollardan oshdi.
Joriy yilning dastlabki to‘qqiz oyida 21 ta loyiha doirasida 350,6 million dollar qarz mablag‘i o‘zlashtirildi. Natijada belgilangan prognoz ko‘rsatkichi 104 foizga bajarildi. Bu 2025-yilning mos davridagi ko‘rsatkichning 116 foizini tashkil etdi.
O‘zlashtirilgan mablag‘lar hisobidan 462 kilometr ichimlik suvi va 234 kilometr oqova suv tarmog‘i barpo etildi. 90 ta ob’ektda qurilish ishlari olib borilib, 11 ta ichimlik suvi va 2 ta oqova suv inshootida ishlar yakunlandi.
Qayd etilishicha, Toshkent shahrida o‘tkazilgan investitsiya forumi doirasida Germaniya taraqqiyot banki bilan Surxondaryo va Farg‘ona viloyatlarida suv ta’minoti hamda kanalizatsiya tizimlarini yaxshilashga qaratilgan bitimlar imzolangan. Ularning umumiy qiymati 130 million yevro miqdoridagi kredit va 67 million yevro grant mablag‘larini tashkil etadi.
Muhim jihati, grant mablag‘lari ilk bor to‘liq suv inshootini qurishga yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.
Oqova suv tizimini modernizatsiya qilish doirasida Osiyo taraqqiyot banki mablag‘lari hisobidan Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida sutkasiga 130 ming kub metr, Olmaliq shahrida 100 ming kub metr va Chinoz shahrida 2 ming kub metr oqova suvni tozalash quvvatiga ega inshootlar ishga tushirildi.
Shuningdek, taqdim etilgan ma’lumotga ko‘ra, oktabr oyida Angren shahrida sutkasiga 100 ming kub metr, Bekobod shahrida esa 60 ming kub metr oqova suvni tozalash quvvatiga ega inshootlarni foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Ushbu loyihalar natijasida jami 103 ta mahalladagi 350 mingdan ortiq aholiga ko‘rsatiladigan oqova suv xizmatlari yaxshilanadi.
Ichimlik suvi ta’minotida ham muhim natijalarga erishilmoqda. Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasining Amudaryo tumanida Osiyo taraqqiyot banki mablag‘lari hisobidan sutkasiga 40 ming kub metr suvni tozalash quvvatiga ega “Mang‘it” inshooti ishga tushirildi.
Buning natijasida tumandagi 47 ta mahallada yashovchi 100 ming nafar aholini ilk bor markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlash, yana 87 ming nafar aholining suv ta’minotini tubdan yaxshilash imkoniyati yaratildi. Inshoot suvning qattiqlik darajasini 37 foizga kamaytirish imkonini berdi. Tuman aholisi uchun ichimlik suvini sutka davomida uzluksiz yetkazib berish yo‘lga qo‘yilib, markazlashgan suv ta’minoti qamrovi 50 foizdan 87 foizga yetkazildi.
2026-yilda xalqaro moliya institutlari mablag‘lari va xorijiy investitsiyalar hisobidan 500 million dollar o‘zlashtirish rejalashtirilgan. Bu mablag‘lar hisobiga qariyb 600 kilometr ichimlik suvi va 300 kilometr oqova suv tarmog‘ini qurish, shuningdek, 16 ta ichimlik suvi va 4 ta oqova suv inshootini barpo etish ko‘zda tutilgan.
Ayni paytda ichimlik suvi ta’minotida muammolar mavjud bo‘lgan Qashqadaryo, Surxondaryo, Andijon, Farg‘ona va Xorazm viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi vaziyatni yaxshilash maqsadida umumiy qiymati 2 milliard dollardan ortiq bo‘lgan 21 ta istiqbolli loyiha ustida ish olib borilmoqda.
Ushbu loyihalarning izchil amalga oshirilishi ichimlik suvi ta’minoti barqarorligini oshirish, oqova suv tizimlarini modernizatsiya qilish va aholiga ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini yaxshilashga xizmat qiladi.
Nilufar Bozorova, O‘zA