Xalqaro kuzatuvchilar Surxondaryoda
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlarga joriy yilning 27 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan saylov jarayonlarini kuzatish uchun mamlakatimizga kelgan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT)ning Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosi (DIIHB) uzoq muddatli kuzatuvchilari Xaynek Kristian Oliver (Avstriya) hamda Erdenebat Sengel (Mongoliya) Surxondaryo viloyatida bo‘lib, saylovga ko‘rilayotgan tayyorgarlik ishlari bilan tanishmoqda.
Viloyat hududiy saylov komissiyasi raisi Zebuniso Alimardonova bilan uchrashuvda mehmonlarga yangilangan saylov qonunchiligi asosida tashkil etilayotgan muhim siyosiy kampaniyaning o‘ziga xos xususiyatlari, saylovga hozirlik ko‘rish va uni o‘tkazish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.

Uchrashuvda xalqaro kuzatuvchilar saylov uchastkalarida ovoz berish uchun ko‘rilayotgan tayyorgarlik jarayonlari, saylov komissiyalari a’zolarini o‘qitish, saylovchilar ro‘yxatini shakllantirish, siyosiy partiyalarning saylovoldi tashviqotini olib borish uchun yaratilgan sharoitlar va boshqa masalalar yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi.


O‘zaro muloqot chog‘ida mehmonlar viloyatda saylovlarga ko‘rilayotgan tayyorgarlik ishlarini munosib baholadi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri