Xalqaro hamkorlik yanada mustahkamlanmoqda
Toshkentda “Sement sanoati va bozori” XIII xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tmoqda.
Toshkentda “Sement sanoati va bozori” XIII xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tmoqda.Unda O‘zbekiston, Xitoy, Avstriya, Germaniya, Ispaniya, Rossiya, Turkiya va boshqa davlatlardan soha rahbarlari va yetakchi mutaxassislar ishtirok etmoqda.
Mazkur konferensiya poytaxtimizda oltincha marta o‘tkazilmoqda. Avvalgi tadbirlar mamlakatimiz sement sanoatini yanada rivojlantirish, sohaga investitsiya jalb etish, mavjud ishlab chiqarishlarni rekonstruksiya va modernizatsiya qilish, yuqori sifatli mahsulot ishlab chiqarish hajmini oshirish imkonini berdi.
«O‘zqurilishmateriallari» aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruvi raisi E.Akromov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mustaqillikning dastlabki yillaridan barcha ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirib kelinayotgani, ilg‘or arxitektura yechimlaridan foydalangan holda mavjud obyektlar rekonstruksiya qilinayotgani va buning samarasida yuqori texnologiyali qurilish materiallariga bo‘lgan talab keskin ortib borayotganini ta’kidladi. Davlatimiz rahbarining 2005-yil 24-martdagi “Qurilish materiallari sanoatida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish va tarmoqni jadal rivojlantirish to‘g‘risida”gi farmoni ushbu vazifalarni amalga oshirishda muhim dasturilmal bo‘lib xizmat qilmoqda.
Bugungi kunda mamlakatimizda deyarli barcha turdagi qurilish materiallari ishlab chiqarilayotir. Bunda investitsiya jalb qilish, mavjud ishlab chiqarish korxonalarini rekonstruksiya va modernizatsiya qilish, yangilarini barpo etish hisobidan sement sanoatini yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Buning samarasida 2000-2014-yillarda sement ishlab chiqarish hajmi 3,2 million tonnadan 7,4 million tonnaga yoki 2,3 barobar oshdi. Ishlab chiqarishning o‘rtacha yillik o‘sish sur’ati 7 foizni tashkil etdi.
– Kompaniyamiz yiliga 450 million tonna sement ishlab chiqaradi va sement ishlab chiqarish va soha uchun uskunalar yetkazib berish bo‘yicha dunyoda yetakchi o‘rinni egallab turibdi, – deydi Xitoyning qurilish materiallari ishlab chiqarish va xalqaro injiniring bo‘yicha milliy korporatsiyasining MDH mamlakatlariga savdo bo‘yicha direktori Gen Nan. – Biz uchun O‘zbekiston bozori istiqbollidir, zero bu yerda investitsiya kiritish uchun qulay sharoit yaratilgan, sement sanoati izchil rivojlanmoqda, yangi zavodlar bunyod etilmoqda. Bu esa o‘zaro hamkorligimiz samarali bo‘lishidan dalolat bermoqda.
Konferensiyada ayni paytda O‘zbekistonda yiliga 8,6 million tonnadan ziyod mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega 8 sement zavodi faoliyat ko‘rsatayotgani ta’kidlandi. Joriy yilning 10 oyida 6,6 million tonnadan ortiq sement tayyorlangan. Jumladan, “Qizilqumsement” aksiyadorlik jamiyati yurtimizda sement ishlab chiqaradigan yetakchi korxonalardan biridir. Mamlakatimizda tayyorlanayotgan sementning deyarli yarmi ushbu korxona hissasiga to‘g‘ri kelmoqda va bu yiliga qariyb 3,5 million tonnani tashkil etmoqda. Shuningdek, “Ohangaronsement” aksiyadorlik jamiyatida yiliga 1,7 million tonnagacha, “Quvasoytsement” aksiyadorlik jamiyatida 1 million tonnadan ortiq va “Bekobodsement” aksiyadorlik jamiyatida 1 million tonnaga yaqin sement ishlab chiqarilayotir. Ushbu korxonalar har yili yangi ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etish va mavjudlarini modernizatsiya qilish hisobidan ishlab chiqarish quvvatlarini oshirmoqda. Buning samarasida yurtimiz bozorlariga sifatli va arzon sement yetkazib berilmoqda.
Anjumanda O‘zbekistonning sement sanoatini rivojlantirishdagi tajribasiga bag‘ishlangan ma’ruzalar tinglandi. “Qizilqumsement”, “Bekobodsement” va “Quvasoytsement” aksiyadorlik jamiyatlarida texnologik liniyalarni modernizatsiya qilish, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida yiliga 6 million tonnadan ortiq mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega yangi sement zavodlarini barpo etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga alohida e’tibor qaratildi.
– Biz O‘zbekiston sement ishlab chiqaruvchilari bilan boy hamkorlik tajribasiga egamiz, – deydi «Unitherm Cemcon» kompaniyasi texnik direktori Aleks Vagner (Avstriya). – Mazkur hamkorlik doirasida “Farg‘onatsement” zavodiga yonilg‘i yoqadigan uskunalarni yetkazib berdik. “Qizilqumsement” aksiyadorlik jamiyati bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish borasida muzokaralar olib bormoqdamiz.
Anjumanda zamonaviy qurilish sohasida keng qo‘llanilayotgan portland sement ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish mamlakatimiz sement sanoatini yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishi ekani qayd etildi. Prezidentimizning shu yil 18-martdagi Jizzax viloyatidagi sement zavodini kengaytirish bo‘yicha investitsiyaviy loyihani amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori ushbu maqsadlarga qaratilgan bo‘lib, unda mazkur korxonaning ikkinchi bosqichini qurish va portland sement ishlab chiqarishni yiliga 760 ming tonnadan 1 million tonnaga ko‘paytirish ko‘zda tutilgan.
Shu maqsadda “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati va Turkiyaning “Dal Teknik Makina Ticaret ve Sanayi A.S.” kompaniyasi tegishli shartnoma imzoladi. Loyiha O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi, kombinatning o‘z mablag‘lari va «Ipoteka-bank» aksiyadorlik tijorat ipoteka banki krediti hisobidan moliyalashtirilmoqda. Sement zavodining texnologik qismini kengaytirish ishlarini 2016-yilning sentabr oyida nihoyasiga yetkazish rejalashtirilgan.
– Biz Jizzax viloyatida portlandsement va oq sement ishlab chiqarishni tashkil etishda faol ishtirok etdik, – deydi «Dal Teknik Makina Ticaret ve Sanayi A.S» kompaniyasi tijorat direktori Lina Dyurak (Turkiya). – Ayni paytda o‘zbekistonlik hamkorlarimiz bilan mazkur sement zavodi imkoniyatlarini yanada kengaytirish ustida ish olib bormoqdamiz.
Konferensiyada O‘zbekistonda sement ishlab chiqarish hajmi yiliga o‘rtacha 3,5 foizga oshirilib, 2019-yilda bu ko‘rsatkich yiliga 15 million tonnaga yetkazilishi kutilayotgani alohida ta’kidlandi. Bunday parametrlar Prezidentimiz Islom Karimovning 2015-yil 4-martdagi farmoniga binoan tasdiqlangan 2015-2019-yillarda ishlab chiqarishni tarkibiy o‘zgartirish, modernizatsiya va diversifikatsiya qilishni ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturida belgilangan.
Shuningdek, tadbirda Xitoy, Avstriya, Germaniya, Rossiya, Turkiya va boshqa davlatlarning yirik sement kompaniyalari tajribasi, sement ishlab chiqarish borasidagi yangi yutuqlar, sohaga ekologik toza ilg‘or texnologiyalarni joriy qilish va qo‘shma korxonalar tashkil etish masalalari ham muhokama etildi.
Muxtasar aytganda, konferensiya ishlab chiqarish korxonalari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash va o‘zaro manfaatli xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirishga xizmat qiladi.